Navro‘z umumxalq sayli sifatida nishonlandi
Bugun Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida Navro‘z sayli o‘tkazildi.
Erta tongdan shahar ahli va mehmonlar ushbu boqqa chorlandi. Doshqozonlarda sumalak, palov va boshqa milliy taomlar tayyorlanib, elga ulashildi. Viloyat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, mahallalar tomonidan ayyom bilan bog‘liq urf-odat va an’analar, milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil qilindi. Dorboz o‘yinlari, milliy va xalq o‘yinlari namoyish etildi.
Viloyatdagi turli millat vakillarini o‘z atrofida jamlagan milliy madaniyat markazlari ham bayram tadbirlarida o‘z dasturlari bilan qatnashdi. Bahor bilan bog‘liq marosimlar, ko‘rgazmali chiqishlar uyushtirildi.
Bayram tadbirlari doirasida Alisher Navoiy ko‘chasida “Kabob festivali” o‘tkazildi. Unda Samarqand shahridagi restoran va kafelar vakillari o‘z mahoratlarini ko‘rsatdi. Shashlik.uz brendi bilan faoliyat ko‘rsatayotgan kabobpazlar 50 kilogramm qiyma go‘shtdan 20 metrlik kabob tayyorlab, tadbir ishtirokchilariga ulashdi.
Navro‘z saylida viloyat hokimi E.Turdimov va faollar ishtirok etib, aholini bayram bilan tabrikladi.
– Navro‘z bir necha ming yillik tarixga ega asl milliy bayramimiz, sharqona yangi yil hisoblanadi – dedi E.Turdimov. – Ajdodlarimiz bu kunni tabiatning uyg‘onishi va yangilanishi, dehqonchilik mavsumining boshlanishi sifatida nishonlab kelgan. Sayillar uyushtirilib, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, marosim va urf-odatlar namoyish etilgan. Keyingi ikki yilda pandemiya sababli bu qutlug‘ ayyomni keng nishonlay olmadik. Davlatimiz rahbarining qarori bilan bu yil Navro‘z yurtimizda sayil sifatida, ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligida bayram qilinmoqda. Viloyatimiz qishlog‘u mahallalarida ham Navro‘z o‘zgacha mazmun-mohiyat bilan keng nishonlanmoqda. Navro‘zning yangilash, mehr-oqibat, qadr-qimmat ayyomi ekanligi bayram tadbirlarida o‘z ifodasini topmoqda.
Bog‘dagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida bayramning asosiy badiiy dasturi namoyish etildi. Unda samarqandlik va poytaxtdan kelgan san’atkorlar ijrosida bahor va Navro‘z madh etilgan qo‘shiqlar ijro qilindi. Bayram munosabati bilan Samarqand shahridagi bozorlar va yirik savdo majmualarida oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkalari tashkil etildi. Saxovat va Muruvvat uylarida, maxsus maktab-internatlarda bayram dasturxonlari yozildi.
Navro‘z bayrami tantanalari viloyatning shahar va qishloqlarida davom etmoqda.