Tabiatdagi o‘zgarishlar zamirida yaralgan bayram
Navro‘z yoki boshqacha nomi bo‘lgan Yilboshi juda qadim davrlardan beri elimiz orasida nishonlanib kelindi. Turkiy tilli va forsiyzabon xalqlar Markaziy Osiyoda azaldan qo‘ni-qo‘shni, quda-anda bo‘lib yashab keladi. Ular orasida bayramning kelib chiqishi bilan bog‘liq qator rivoyatlar saqlanmoqda.
Bu bayramga zardushtiylikda katta e’tibor berildi va u shu din tushunchalariga mos talqin qilindi. Uning kelib chiqishi Zardushtning payg‘ambar bo‘lgan yoki Jamshidning taxtga chiqqan kuni bilan bog‘liq tarzda tushuntirildi. Islom kirib kelgach, bayramning ijodkori deb Sulaymon payg‘ambar rivoyat qilindi, uning mo‘’jizaviy uzugining topilishi Navro‘zga sabab deb bilindi. Aslida har qanday diniy tushunchalardan xoli bo‘lgan va ayni vaqtda barcha dinlardagi ezgu tushunchalarni o‘zida aks ettirgan, tabiatdagi o‘zgarishlar zamirida yaralgan bu bayramning asl ijodkori qadimgi ajdodlarimiz bo‘ldi. Azaldan o‘zlarini tabiatning bir bo‘lagi deb bilgan, koinot jismlarini kuzatib borgan va astronomik tizimlarni qat’iy o‘rganib chiqqan ajdodlarimiz 21 martdan 22 martga o‘tar vaqtida tabiatda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni aniqlab, shu bayramni ijod qilishdi.
Sumalakning kelib chiqishi haqida turli, gohida o‘ta jo‘n fikrlar ham bildirildi. Ayrim rivoyatlarda keltirilishicha, dastlab bu taomni o‘ttiz samoviy malak pishirganligi sabab u “su” yoki “si malak” deb atalgan ekan.
Bu kabi rivoyatlarni birgina misolning o‘zi inkor qiladi: “malak” yahudiy (ivrit) tilidagi «mal’áx» (farishta) so‘zining arabcha varianti bo‘lib, u juda ko‘plab diniy so‘zlar kabi arab istilosi davrida tilimizga kirib kelgan. Uning sumalak bilan hech qanday aloqasi yo‘q! Sumalak qadimgi o‘zbeklar orasida islomdan ming yil oldin ham iste’mol qilingan. Sumalak masalliqlarining oddiy ekanligi taomning yaralish davrining juda qadimiyligiga ishoradir. Aslida sumalak “chalpak”, “kamalak”, “kapalak”, “jamalak” kabi oddiy o‘zbekcha so‘z bo‘lib, bug‘doy maysalaridan tayyorlanadigan taom ma’nosini bildiradi. Shu sababli Mahmud Koshg‘ariyning XI asrda yaratilgan “Devonu lug‘atit turk” asarida suma(lak) suvda ivitilgan bug‘doy maysalaridan tayyorlanadigan quyuq taom ekanligi keltirib o‘tilgan.
Qipchoq va o‘g‘uz turklari orasida sumalak so‘zi uchramaydi. Biroq “Devonu lug‘atit turk” asarida sumalakka ishora bor. Chunki asarda qayd qilinganidek, “ochiq va ravon” turkiy til Hoqoniya o‘lkasi, ya’ni Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Buxoroda muomalada bo‘lgan va shu tilda ijod qilingan. Tili turk, qozoq, qirg‘iz tillaridan ko‘ra, o‘zbek tiliga yaqin bo‘lgan Mahmud Koshg‘ariy Hoqoniya o‘lkasida tug‘ilib, yashaganligi sababli shu hudud turkiylarining tili, madaniyati va an’analarini yaxshi bilgan.
Endi Yilboshidan o‘zgaradigan muchal hisobi xususida ikki og‘iz. Navro‘z kabi muchal taqvimi ham koinotdagi va tabiatdagi o‘zgarishlarning hisob-kitobi natijasida ijod qilindi. Elimizning qadimgi ajdodlari tomonidan yaratilgan va 12 jonivor nomi bilan atalgan muchal taqvimi uch oddiy ko‘rsatkich - Oyning Yer atrofida bir oy ichidagi aylanishi, Yerning Quyosh atrofida bir yil ichidagi aylanishi va Yupiterning Quyosh atrofida aylanib chiqishiga asoslandi. Yupiterning taxminan 12 yil ichida Quyoshni aylanib chiqishini yaxshi bilgan ajdodlarimiz Yupiter aylanish davrini 12 qismga bo‘lib, ularni o‘tmishdagi mahalliy jonivorlar nomi bilan eski o‘zbek tilida atashdi va keyinchalik ko‘plab xalqlar taqvimiga aylangan muchalni ijod qilishdi. To‘rt faslni o‘zida to‘liq namoyon qiluvchi, o‘z nomi bilan Markaziy Osiyo deb ataluvchi hududda osmondagi, tabiatdagi mavsumiy o‘zgarishlarni kuzatish har tomonlama aniq va to‘g‘ri hisob-kitoblarga sabab bo‘ladi. Buning isbotiga ikki misol keltirish mumkin: biri yurtdoshimiz Abu Rayhon Beruniyning jug‘rofiy va astronomik hisob-kitoblari natijasida Yer yuzining yumaloq ekanligi va hozir Shimoliy Amerika deb ataladigan qit’ani aniqlagani bo‘lsa, yana biri Mirzo Ulug‘bekning Samarqand observatoriyasidan turib, koinotni davr nuqtai nazaridan ipidan ignasigacha o‘rganib, “Ziji Ko‘ragoniy”ni yaratganidir.
O‘tmishdagi taqvimlar orasida eng tushunarli, qiziqarli va ishonchli bo‘lgan o‘n ikki hayvon nomi bilan ataladigan muchal taqvimi ruslarda ko‘pincha Xitoy kalendari sifatida qayd qilinadi. Biroq Xitoy manbalarida keltirilishicha, xitoylik faylasuf Chju Sidan shogirdi yillarni o‘n ikki hayvon nomi bilan atash odati qayerdan kelganligini so‘raganda, shogirdining bu savoliga ustoz javob berishga ojiz qolgan ekan. Shimol tarafdagi Markaziy Osiyo xalqlari orasida nishonlanadigan bayramdan boshlab o‘zgaradigan muchal taqvimining xitoyliklarga kirib kelganligini ustoz ayta olmagan.
Donishmand Chju Sigacha yuz yil oldin yashagan Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” asarida turkiy el orasidan yozib olgan bir rivoyatni keltiradi. Unga ko‘ra, qadimda turk hoqoni barcha hayvonlarni daryo bo‘yiga quvdirib kelib, ulardan qaysi biri narigi qirg‘oqqa tezroq suzib o‘tishini kuzatibdi. Birinchi bo‘lib sichqon daryoni kesib o‘tibdi. Uning ketidan ho‘kiz, bars, quyon, baliq, ilon, ot, qo‘y, maymun, tovuq, it va cho‘chqa qirg‘oqqa chiqibdi, yillarni oson eslab qolish uchun ularni shu tartibda nomlabdi.
Mahmud Koshg‘ariydan ancha oldin, ya’ni VII–VIII asrlarda bitilgan urxun Enasoy yodgorliklaridagi yozuvlarda ma’lum arboblar bilan bog‘liq sanalar muchaldagi hayvonlarning nomini keltirish orqali belgilangan. Ularda Bilka hoqonning otasi it yili qazo qilganligi, cho‘chqa yili marosimlari o‘tkazilganligi yoki Kul Tegin qo‘y yilining 17-kuni vafot etganligi, maymun yilining 7-oyi 27-kuni esa qabriga tosh qo‘yilganligi yozilgan.
Xitoyliklar muchal taqvimini qadimgi turkiylardan buddizm (burhonlik) bilan birga o‘zlashtirib olgan. Xitoyliklar taqvimdagi baliqning o‘rniga o‘zlarining mifologik tushunchalaridagi ajdarhoni kiritib, real jonivorlardan tarkib topgan muchalni mifologik tushunchalar bilan o‘zgartirishdi. Xitoyliklarda o‘tmishda o‘zlari ijod qilgan 60 yilni qamrab olgan taqvim qo‘llangan. Muchal taqvimi esa turkiylardan farqli ravishda Xitoyda rasmiy qo‘llanmay, undan asosan oila qurishda, biror ishni boshlashda taqdirning qanday kelishini aniqlashda foydalangan.
Qizig‘i shundaki, Navro‘z va sumalak kabi hatto muchalga ham o‘z vaqtida diniy munosabatda bo‘lindi, asl o‘zbekcha hayvon nomlari arabiylashdi. Muchal elimiz orasida arablar kelguniga qadar rasmiy taqvim sifatida qo‘llanilib kelinganligiga ko‘z yumildi. Shu sababli oddiy el arabcha shamsiy, qamariy taqvimdan ko‘ra, sodda va tushunarli bo‘lgan muchaldan foydalanishdi. Hozirda ham yoshi katta otaxon va onaxonlar orasida muchal yili bilan hisoblash, muchal to‘yini o‘tkazish an’anasi saqlanib qolgan.
Xulosasi o‘rnida aytish mumkinki, qadimgi O‘zbekiston xalqi insoniyat ma’naviyati xazinasiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelgan va qo‘shib kelmoqda.
Erkin Musurmonov,
SamDU professori.