Samarqandda Janubiy Koreyalik shifokorlar ishtirokida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi

12–13 avgust kunlari Samarqand viloyatida Janubiy Koreyaning “Seonam” tibbiy ko‘ngillilar guruhi ishtirokida keng ko‘lamli tibbiy aksiya o‘tkazildi.
Tadbir doirasida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida mutaxassislar tomonidan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazildi, maslahatlar berildi va operatsiyalar amalga oshirildi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida otolaringologiya bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazilib, 62 nafar bemorga maslahat berildi. Fizioterapiya bo‘limida akupunktur, massaj va o‘simlik dori vositalari qo‘llanilib, 26 nafar bemor ko‘rikdan o‘tkazildi. Jarrohlik bo‘limida esa 24 nafar bemor qabul qilindi.
Shuningdek, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 150 dan ortiq bemor ko‘rikdan o‘tkazilib, 1000 dan ortiq dori-darmon va sovg‘alar tarqatilgan bo‘lsa, Travmatologiya va ortopediya markazida 2 ta amaliyot o‘tkazilib, 20 dan ziyod bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Tadbir davomida koreyalik mutaxassislar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi va tajriba almashildi. Bemorlar ko‘rsatilgan tibbiy yordam uchun Janubiy Koreya shifokorlariga minnatdorchilik bildirdi.
✍ Tashrif yakunida tomonlar o‘rtasida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.