Bloger bo‘lmoqchiman!

Jiyanim hali maktab o‘quvchisi,  dasturlash sohasiga juda qiziqadi va  shu bo‘yicha kurslarga qatnashidan ham xabarim bor.  Onasi yaqinda suhbat jarayonida o‘g‘lining maqsadlari o‘zgarib qolganini, endi dasturchi emas, blogerlikka qiziqayotganini aytib qoldi. Blogerlikni o‘rgatadigan  o‘quv kurslariga borayotgan ekan. Men uni aniqlashtirishga harakat qildim - jurnalist bo‘lmoqchimi, desam, yo‘q, jurnalist emas, bloger bo‘lishni maqsad qilayotganini aytdi. O‘g‘lining aytishicha, blogerlar yaxshi va oson  pul topar va odamlarga ko‘proq foydasi tegar emish... Ana xolos!

Juda hafsalam pir bo‘ldi, to‘g‘risi!  Dasturchi bo‘lsa, undan ko‘proq pul topadi, dedim. Eng zamonaviy kasb, u hali yo‘lning boshida, chuqurroq o‘rganib sohaning egasi bo‘lsa, kelajakda undan davlatmandroq odam bo‘lmaydi va hammaga foydasi tegadi, dedim va yana ko‘p narsalarni aytdim...

Lekin aytganlarimdan ko‘nglim to‘lmadi...rosti! 

Bugungi kunda blogerlik nafaqat shaxsiy ijod, balki ommaga ta’sir o‘tkazish vositasiga aylanib ulgurdi. Ko‘pchilik yoshlar mashhur blogerlarga  havas qiladi. Tan olib aytish kerakki, ko‘pgina blogerlar jamiyat uchun manfaatli ma’lumotlarni tarqatishga intilmoqda, ularning sa’y – harakatlari bilan jamiyatimizdagi ayrim muammolar o‘z yechimini topyapti yoki ba’zi muammolarga mas’ullarning e’tibori qaratilyapti.  Ammo, afsuski, shundaylar ham borki, faoliyati davomida  faktcheking - ya’ni ma’lumotni tekshirish jarayonini mutlaqo inobatga olmaydi. Duch kelgan yo topgan narsasini tekshirmasdan ommaga e’lon qilib yuboradi va bu jarayonda eshitgan mish – mishlarini ham tarqatib yuboraveradigan blogerlar ( ular ko‘pincha obunachilar sonini oshirish maqsadida bu ishlarni qiladilar!)  jamiyatga qay tarzda havf solishi mumkin. Shuni biroz tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.

         Tasavvur qiling: bloger yoki ixtimoiy tarmoq foydalanuvchisi o‘z shaxsiy akkauntida yoki profilida qandaydir voqea haqida  ma’lumotni tarqatdi. Oqibatda, odamlar ishonchli manbalarga emas, aynan shu yolg‘onga ishonadi. Natijada jamiyatda ishonchsizlik muhiti shakllanadi. Bu ishonchsizlik, avvalo, rasmiy idoralarga, keyin esa butun axborot tizimiga tarqaladi.  Oddiy misol – COVID-19 davrida tarqalgan soxta ma’lumotlar - virusning tabiati, davosi, tarqalishi haqidagi xavfli yolg‘onlar keng tarqaldi.  Ba’zilar bu pandemiyani “biologik qurol” yoki 5G signallar bilan bog‘liqligi haqidagi fitnalar bilan tarqatdilar. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) buni “infodemic” – “axborot epidemiyasi” deb atagan. Bu holat ma’lumotlarga bo‘lgan ishonchni susaytirdi, oddiy aholida tibbiyot mutaxassislari va xabar tarqatadigan kanallarga nisbatan shubha uyg‘otdi. Yoki bugun mamlakatimizning u yoki bu hududlarida turli sabablarga ko‘ra yuz berayotgan yong‘inlar, yoqilg‘i quyish shahobchalarida sodir bo‘layotgan portlashlar haqida o‘z sahifalarida birinchilardan bo‘lib xabar tarqatayotgan blogerlarning postlariga biroz e’tibor qarating – ularning “Tezkor”, “Dahshat” degan heshteglarining o‘ziyoq kishilarda, umuman aholida vahima sarosima uyg‘otish xususiyatiga ega ekanligini tan olmay iloj yo‘q.

Ayniqsa tibbiyot, xavfsizlik yoki tabiiy ofatlar kabi sezgir mavzularda yolg‘on tarqatish odamlar orasida xavotir va vahima uyg‘otadi. Masalan, shu kabi "falon viloyatda yer qimirladi,  odamlar odamlar uyini tashlab ketyapti" kabi asossiz xabarlar jamiyatda  katta sarosimaga sabab bo‘lishi mumkin.

Ayrim yolg‘onlar millatlar, dinlar yoki ijtimoiy guruhlar orasida nafrat uyg‘otishi mumkin. Bunday axborot nafaqat axloqsizlik, balki jinoiy javobgarlikka ham olib kelishi mumkin. Axborot tarqatishda ehtiyotsizlik demak, ijtimoiy barqarorlikka  ham yaxshigina putur yetkazadi.

Agar yolg‘on ma’lumot tarqatish normal holatga aylansa, odamlar haqiqat va yolg‘onni farqlay olmaydigan darajaga kelib qoladi. Bu esa jamiyatda axborot savodxonligini pasaytiradi. Axborot madaniyatining yetishmasligi - kelajakdagi katta muammolarga zamin yaratishi ham tabiiy hol.

 Buning huquqiy oqibatlari ham  ham borligini e’tibordan chetda qolmasligi kerak.  Ko‘pchilik yaxshi biladi, yolg‘on axborot tarqatish qonunan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Xususan, tuhmat, haqorat, yolg‘on xabar tarqatish kabi holatlar uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilangan. Bu bilan bloger faqat o‘z obro‘sini emas, balki erkinligi va havfsizligini  ham xavf ostiga qo‘yadi.

Axborot tarqatish aslida katta  mas’uliyatdir! Bizga Ustozlarimiz ana shunday deb o‘rgatishgan.

Bloger bo‘lish - bu faqat kuzatuvchilar soni bilan emas, balki mas’uliyat bilan o‘lchanadigan vazifadir. Har qanday ma’lumotni tarqatishdan oldin uning haqiqiyligini tekshirish kerak. Axborot tarqatuvchi har bir inson (Postlarni ulashayotganlar ham)  jamiyat oldida mas’ul ekanini unutmasligi zarur.

Sizning har bir so‘zingiz - bir kishining ishonchi, qarorlari va hattoki taqdiriga ta’sir qilish kuchiga ega. Shunday ekan, gapirmasdan oldin o‘ylang. Yozishdan oldin tekshiring. Tarqatishdan oldin javobgarlikni his qiling!

Aslida, ayrim blogerlar o‘z ism – familiyalarini ham to‘g‘ri yozolmaydi, bundaylarning juda ko‘pini shaxsan taniyman.  Video oladi, tarmoqqa joylaydi yoki yodlagan so‘zlarini to‘tiqushday takrorlaydi. Ba’zilarining video ostiga yozgan jumlalarini tushunib ham bo‘lmaydi.(imlo, uslubiy hatolari ko‘pligidan, tinish belgilari qoldirib ketilganidan)  Obunachisi ko‘p bo‘lsa bo‘ldi, yoshlarimiz ana shulardan o‘rnak olishga intilishadi, ularga o‘xshashga harakat qilishadi. Bu juda achinarli holat.

Mamlakatimizda blogerlik sohasi - hali to‘laligicha tartibga solinmagan maydon. Blogerlik - bugungi kunda jamiyatga ta’sir o‘tkazish borasida an’anaviy OAVga tenglashib borayotgan, balki ayrim hollarda undan ham ta’sirliroq kuchga aylanmoqda. Shu bilan birga, bu sohadagi huquqiy asoslar, etik me’yorlar va mas’uliyat masalalari hali to‘liq shakllanmagan.

Jamiyatimizda blogerlarning tanqidiy faoliyatiga ehtiyoj katta. Biroq ularning faoliyati ustidan haddan tashqari nazorat yoki ta’qib muvozanatni buzishi mumkin. Shuningdek, me’yoriy hujjatlar bilan cheklanmagan faoliyat, ba’zi blogerlar tomonidan suiiste’mol qilinayotgan holatlar ham bor. Ijtimoiy tarmoqlarda “layk”, “prosmotr” va shov-shuv uchun feyk kontent yoki qo‘pol tanqid tarqatish holatlari haddan ziyod  ko‘paygan.

O‘zbekistonda blogerlik so‘z erkinligi, fuqarolik jamiyati va axborot makoni rivojida muhim rol o‘ynaydi. Lekin bu faoliyatni tartibga solish, rivojlantirish va muhofaza qilish uchun tizimli  yondashuv talab etiladi. So‘z erkinligi va javobgarlik o‘rtasidagi muvozanatni topish - zamonaviy axborotlashgan  jamiyatining asosiy vazifalaridan biridir.

Men jiyanimga shularni tushuntirishga harakat qildim. Lekin tushundimi, yo‘qmi bilmayman!  Buni vaqt ko‘rsatadi...

Aksariyat yoshlar oson pul topishni va tezda mashhur bo‘lishni istaydi. Ilm olish ular uchun mashaqqatli mehnat - ular harakatlari samarasini tezda ko‘rishlari kerak.

Nima dedingiz?

 Gulchehra Berdiyorova jurnalist