Kaltaklangan bloger holatiga prokuratura munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda yana jinoyat, blogerga suiqasd uyushtirildi. Lekin IIB va prokuratura nega jim?” sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs Taftish.uz sayti muxbiri bo‘lgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB 3-son IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshirish ustidan Samarqand viloyati prokuraturasi nazorat o‘rnatgan.

Voqea aslida qanday bo‘lgan?

2021 yil 17 iyun kuni soat taxminan 17:00 lar atrofida Samarqand shahar Mingtut ko‘chasida joylashgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosiga fuqaro O‘tkir Rasulov o‘zing tanishi Rayhona Pirimqulovaga yordamlashish maqsadida kelgan. Sud jarayoni tugashini kutib tashqarida o‘zining shaxsiy avtomobilida o‘tirgan. Sud ishi tugagach, Samarqand tumanida yashovchi 1985 yil tug‘ilgan fuqaro Amina Ibodulloyeva sud binosidan chiqib o‘zini O‘tkir Rasulov boshqaruvida harakatlanib kelayotgan avtomobil ustiga tashlagan.

O‘tkir Rasulov mashinani to‘xtatib, nima sababligini so‘raganda holatga fuqaro Amina Ibodulloyevaning turmush o‘rtog‘i, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro Farruxjon Xalikov qo‘shilib, janjal chiqargan. So‘ng O‘tkir Rasulovning avtomobili ichidagi hujjatlarni olib qo‘ygan. O‘.Rasulov o‘zining video murojaatida hujjatlar ichida bo‘lgan 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni ham qo‘shib olganligini keltirib o‘tgan.

Janjal sababi o‘rganilganda, O‘tkir Rasulov ilgari Amina Ibodulloyevaning og‘ir turmush sharoitidan foydalanib, unga uy qurib berishda yordamlashishini va’da qilib, videolavha tayyorlagan va A.Ibodulloyeva roziligisiz internetda tarqatib yuborgan. Xayriya doirasida kelib tushgan mablag‘larni esa o‘zlashtirib yuborgan.

Xo‘sh, kaltaklangan shaxs kim?

1987 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan O‘tkir Rasulov muqaddam Jinoyat kodeksi 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan sudlangan, 2013 yil 15 sentyabrda ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahriga, u yerdan Turkiya davlatiga o‘tib ketgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-moddasi 2-qismi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa ta’qiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qizig‘i, hozirda probatsiya hisobida jazo o‘tayotgan fuqaro bloger va jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.