Kattaqo‘rg‘onda farzandlarini do‘pposlagan ayol voqeasi bo‘yicha Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi
Shu yilning 14 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayol Rossiyada bo‘lgan turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali muloqotda yuzaga kelgan kelishmovchiligi sababli ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarini urib, holatni tasvirga olganligi haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va keng muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Mas’ullarning o‘rganishicha, oilada 3 nafar farzand bor, farzandlar 4, 3 yosh va 7 oylik. Ayolning turmush o‘rtog‘i xorijga ishlashga ketgan. Kelin oilasida qaynopasi bilan bir necha yildan buyon kelishmay kelgani sababli ota uyiga ketib qolgan. Ota uyida moliyaviy jihatdan qiynalgan, turmush o‘rtog‘idan pul yuborishini talab qilgan. Oqibatda janjal kelib chiqqan va mazkur holat yuz bergan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
So‘nggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib borayotganligi, mavjud huquqiy mexanizmlar zo‘ravonliklarni oldini olish hamda jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samarasini bermayotganligini ko‘rsatmoqda.
Oxirgi 3 yilda 2 072 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, shundan 1 777 nafari yoki 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun bo‘lsa 23 nafari ota-onalik huquqini suiiste’mol qilganligi, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lganligi, kuch ishlatganligi yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatganligi sababli mahrum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan.
Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli bo‘lishi kerak. O‘z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi deb belgilangan.
Endi yuqoridagi holatga qaytsak, bolalarning otasini qonunda belgilangan majburiyatlarini bajarmaganligi, oilaga uchinchi shaxslarning aralashuvi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilish uchun shart-sharoit yaratgan. Lekin, afsuski, bolalarning onasidan boshqalar javobgarlikdan chetda qolmoqda. Yuqoridagi holatda otaning bolalariga g‘amg‘o‘rlik qilmayotganligi ham bolaga nisbatan zo‘ravonlik uchun shart-sharoit yaratgan. Bunday holatga yo‘l qo‘ygan oila a’zolarini ham, ayolni ham mutlaqo oqlab bo‘lmaydi.
Qayd etish lozimki, “O‘zbekiston Respublikasining “Bolarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni” loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu loyihada “g‘amho‘rlik ko‘rsatmaslik” tushunchasi ochib berilmoqda. Yani, g‘amho‘rlik ko‘rsatmaslik – ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) zarur imkoniyatlar, bilim va ko‘nikmalar, shuningdek tegishli xizmatlardan (davlat, tibbiy, ta’lim, ijtimoiy va boshqalar) foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaramay qarmog‘idagi bolaning sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishining jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan jismoniy, moddiy va (yoki) psixologik ehtiyojlarini qondirmaslik;
Qonun loyihasidagi yangiliklar haqida qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi, deyiladi munosabatda.