Urgutda yosh bolasini shafqatsiz kaltaklagan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumani Vatak mahallasida ayol go‘dak farzandini shafqatsiz kaltaklayotgani aks etgan video tarqalgani va ushbu holat o‘rganilayotgani haqida xabar bergan edik.
Aniqlanishicha, 2022 yil 24 dekabr kuni Urgut tumani Vatak mahallasida yashovchi fuqaro G.O. Rossiya Federatsiyasida ishlash maqsadida ketgan turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali muloqot qilish jarayonida, o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilikdan so‘ng, turmush o‘rtog‘iga jahl qilib, o‘zining voyaga yetmagan farzandini urib, holatni telefon apparatida videotasvirga olib, videoni turmush o‘rtog‘iga yuborib, voyaga yetmagan farzandlarini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan.
Holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan G.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 110-moddasi 2-qismi va 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jabrlanuvchining ahvoli yaxshi bo‘lib, shifokorlar kuzatuvida.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, jinoyat ishi viloyat IIB nazoratiga olingan.