Ayrim mamlakatlar bolalariga internetga kirishni cheklayapti
Ayrim mamlakatlar internet xavfsizligi va yoshlarning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq xavotirlarni dalil keltirib, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yosh cheklovlarini joriy etmoqda.
Reuters va Euro Weekly materiallariga asoslangan xaritada ijtimoiy platformalarda yosh cheklovlarini joriy etgan yoki bu masala rasman ko‘rib chiqilayotgan 15 mamlakat va AQShning ikkita shtati ko‘rsatilgan.
Avstraliya 2025 yil dekabr oyida voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash qonunini kuchga kiritgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Davlat qonunchiligi 16 yoshdan kichik shaxslarga ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, TikTok va YouTube kabi yirik platformalardan foydalanishni taqiqladi. Akkauntlari bo‘lgan yosh foydalanuvchilar avtomatik ravishda tizimdan chiqarildi. Foydalanuvchilarning yoshini tekshirish uchun “oqilona choralar” ko‘rmagan kompaniyalar 34,9 million Avstraliya dollari miqdorida jarimaga tortilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Fransiya parlamentining quyi palatasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun 15 yoshni qonun bilan belgilashga ovoz berdi. Endi qonun loyihasi Senat tomonidan ma’qullanishi kutilmoqda.
Portugaliyada qabul qilingan qonun 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun “aniq tekshirilishi mumkin bo‘lgan ota-onalarning roziligi”ni talab qildi. 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqqa kirishi umuman taqiq ostida qoldi.
Gretsiya, Ispaniya, Daniya, Norvegiya, Germaniya, Italiya, Sloveniya va Chexiya kabi bir qator Yevropa davlatlarida ham xuddi shunday tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Malayziya allaqachon ana shunday yosh cheklovlarini qabul qilgan. Indoneziya va Yangi Zelandiya davlatlarida xam shunga o‘xshash choralar ko‘rib chiqilmoqda. Buyuk Britaniyada yosh cheklovlariga oid tahlillar ishlab chiqish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Amerikada bu masalani tartibga solish alohida shtatlar darajasida belgilanadi. Virjiniya shtatida agar ota-onalar rozi bo‘lmasa, 16 yoshgacha bo‘lgan farzandlarining ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun qabul qilindi. Nebraskada voyaga yetmaganlar uchun platformaning ayrim funksiyalari, jumladan, videolarni mustaqil tarzda joylashtirish, cheksiz aylantirish va foydalanuvchilarni jalb qilishni cheklashga qaratilgan qonun tasdiqlandi.
Endilikda boshqa davlatlar ham shunday choralarni qo‘llashni muhokama qilmoqda.