Bolani urish tarbiya usuli emas

Ijtimoiy tarmoqlarda ota-onasi tomonidan kaltaklangan yo turli jismoniy tazyiqlar o‘tkazilgan bolalar haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Ular bo‘yicha jamoatchilikning fikri turlicha. Ayrimlar buni jinoyat desa, boshqalar tarbiya usuli deb atamoqda. Xo‘sh, bolalarni kaltak orqali tarbiyalab bo‘ladimi? Buning oqibatlari qanday?

Bolalarni urib tarbiyalash, ya’ni biror aybi uchun jismoniy jazolash mutaxassislar va psixologlar tomonidan qoralanadi. Bunday tarbiya usuli bolaning ruhiy salomatligi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi va ijtimoiylashuviga salbiy ta’sir qiladi. Bu bolalarda qo‘rquv, tajovuzkorlik rivojlanishiga olib keladi. Qolaversa, jismoniy tazyiq bolaning jismoniy rivojlanishini ham kechiktirishi yoki umuman, uni majruh qilib qo‘yishi mumkin.

Mutaxassislar bolalar bilan shug‘ullanishda, avvalo, uni alohida shaxs sifatida qabul qilib, his-tuyg‘ulari bilan hisoblashishni maslahat bermoqda. Shundagina yoshlar mustaqil va kuchli shaxs bo‘lib ulg‘ayadi. Ijobiy tarbiya usullari, masalan, mukofotlash, rag‘batlantirish va tushuntirish orqali ham jarayonda samarali natijalarga erishish mumkin.

Aytish joizki, farzandiga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazgan ota-onalar qonun bo‘yicha javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Ko‘plab mamlakatlarda bolalarni urish va ularga nisbatan jismoniy jazoni qo‘llash qonun bilan taqiqlangan. Masalan, Qozog‘iston Respublikasi Oila kodeksining 75-moddasiga ko‘ra, bolaga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik(urish) harakatlarini amalga oshirish ota-onaning ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi uchun asos bo‘ladi.

Yurtimizda ham bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlashning qonuniy asoslari yaratilgan. Xususan, Oila kodeksining 79-moddasida ota-onalik huquqini suiiste’mol qilgan, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lgan, jumladan, ularga jismoniy kuch ishlatgan yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatgan ota-onalar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi belgilangan. Shunday holatlarning oldini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar Ombudsmani) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. U bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklash singari muhim vazifa va vakolatlarga ega. Bunday institut asosan dunyoning rivojlangan mamlakatlarida, jumladan, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Daniya, Islandiya, Ispaniyada mavjud va o‘z samarasini bermoqda.

Yana bir muhim hujjat 2024 yil 14 noyabr kuni qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hisoblanadi. Ushbu qonun bilan bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qiladigan, jismoniy va ruhiy azob yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha holatlar uchun tegishli huquqiy va ijtimoiy choralar ko‘rilishi belgilandi.

 Qonunda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlar belgilanib, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga himoya orderi berish qayd etilgan.

Charos Eshmamatova.