Bog‘chada “cho‘michga chiqmagan” 12 kg. go‘sht voqeasi bo‘yicha munosabat berildi

Kecha saytimizda "Bog‘cha qozoniga solinishi kerak bo‘lgan 12 kilo go‘sht “cho‘michga chiqmadi” sarlavhali xabar va videolavha e’lon qilingan edi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan holatga munosabat bildirildi.

“Zarnews.uz sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarda "Bog‘cha qozoniga solinishi kerak bo‘lgan 12 kilo go‘sht “cho‘michga chiqmadi” sarlavhali videolavha yuzasidan Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bolalarning haqqiga xiyonatni kechirib bo‘lmas holat deb hisoblaydi. Shu bois, bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida boshqarma xodimlaridan iborat ishchi guruhi ham joylarda muntazam o‘rganishlar olib boradi va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli tartibda choralar qo‘llab kelinmoqda.

Joriy yilning 22 sentyabr kuni boshqarma ishchi guruhi Qo‘shrabot tumanidagi 5-DMMTda o‘rganishlar olib borish jarayonida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi ishchi guruhi ham bog‘chadagi holatni o‘rganish uchun 5-DMMTga kirib kelgan.

Ma’lumotga ko‘ra, o‘sha kuni bog‘chaga 110 nafar tarbiyalanuvchi kelgan. Ularga SanPin me’yorlariga ko‘ra, 80 grammdan go‘sht berilishi, 10 grammdan pishloq berilishi belgilangani nazarda tutilsa, shu kuni qozonga 110 nafar bolaga 12 kg. emas, 8,8 kg go‘sht solinishi lozim bo‘lgan. Shuningdek, har bir bolaga 10 grammdan, jami, 1,1 kg. pishloq berilishi lozim bo‘ladi. MTTning 22 sentyabr kungi taomnomasida pishloq berilishi ko‘rsatilmagan. 22 sentyabr kuni MTTda birinchi taomga mastava, ikkinchisiga chuchvara tayyorlagani aytilgan.

Boshqarma ishchi guruhi tomonidan aniqlangan, kamchiliklar bo‘yicha mutasaddilarga chora ko‘rish bo‘yicha hujjatlar tayyorlanmoqda.

Shu o‘rinda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi ishchi guruhiga bog‘chalarda bolalar haqqiga qilinayotgan xiyonatni aniqlashdagi ko‘magi uchun Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi minnatdorchilik bildiradi. Biroq SEO va JSQ viloyat mutasaddilarining o‘zlari qozonni ko‘zdan kechirayotganda, sanitariya-gegiyena qoidalariga rioya etib, maxsus kiyim boshlarda oshxonaga kirsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Holat yuzasidan mas’ullarga ko‘rilgan choralar bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi”, deyiladi boshqarma munosabatida.