SOS Bolalar mahallasi: Muassasadan oilalarga ko‘chgan parvarish

*1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Dunyo dunyo bo‘lib yaralibdiki, farzand inson umrining ko‘rki, mazmuni va lazzati hisoblanadi.

Haqiqatan, bola – bir gul, uning parvarishi esa nafaqat ota-onalarga, balki atrofdagi barcha odamlar zimmasiga muayyan mas’uliyat yuklaydi. Mamlakatimiz aholisining uchdan bir qismini bolalar tashkil qilar ekan, ularning kamolini tugal ko‘rish uchun alohida e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishimiz zarur. Bugungi kunda ushbu vazifa davlatimiz miqyosidagi keng qamrovli amaliy faoliyatga aylanib ulgurdi. Bolalar farovonligini ta’minlash, ularning sog‘lom voyaga yetishiga erishish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 noyabrdagi 738-sonli qarori qabul qilindi. Aynan shu qarorga asosan SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari uyushmasi bolalarni muqobil parvarish qilish borasida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bundan tashqari, filialimiz boshqa xizmatlarni ham amalga oshirib, notinch, muammoli oilalardagi bolalar bilan ishlash, oilaviy uylardan chiqib, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash bilan ham shug‘ullanmoqda.

Qariyb 20 yil davomida uzoq muddatli oilaviy vasiylik doirasida yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan 376 nafar bolani ijtimoiy himoyaga olib tarbiyaladik.

Bugungi kunda “Bolalarni muqobil parvarish qilish xizmati” yo‘nalishida 45 nafar bolajonlar 8 ta oilaviy bolalar uylarida SOS-onalari g‘amxo‘rligida va “Qisqa muddatli muqobil parvarish qilish” yo‘nalishida 12 nafar bola to‘laqonli oila farzandlari singari tarbiyalanmoqda. Shuningdek, 6 ta oilaviy bolalar uylariga hamrohlik qilib kelmoqda.

 “Bolalarni muqobil parvarish qilish xizmati”

Ushbu yo‘nalish tarbiyalanuvchisi Sherzod Shermatov filialning jamiyatdagi mahallalarga integratsiya qilingan oilasiga joylashtirilgan. O‘rta maktabda ta’lim olishni davom ettirish maqsadida mazkur oilaga yaqin bo‘lgan 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qiy boshladi. Sherzod integratsiya oilasiga tezda moslashib, ruhiy holati barqarorlashdi, oiladagi boshqa bolalar bilan iliq oilaviy munosabatlar o‘rnatildi, sog‘lig‘idagi ba’zi kamchiliklar bartaraf etilib, sog‘lom turmush tarzi asosida yashay boshladi. Sherzod 12-umumta’lim maktabida barcha tengdoshlari va ustozlari mehrini qozondi, dastlabki yillarda fanlarni 4-5 baholarga o‘zlashtirgan bo‘lsa, keyingi yillarda baholarini to‘liq 5 baholarga ko‘tardi, darsdan bo‘sh vaqtlari fan va sport to‘garaklariga qatnashib, o‘z ustida mustaqil ishladi, bilimlar orttirdi, shu bilan bir qatorda, jismonan sog‘lomlashdi. 2022-2025 yillar davomida “Erudit” o‘quv markazida rus, ingliz tillarini o‘rgandi, ayniqsa, ingliz tilini a’lo darajada o‘zlashtirib, mustaqil gapirish darajasiga o‘tdi, sport turlaridan esa Samarqand shahar 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabining yakka kurash va boks to‘garaklarida sport sirlarini o‘rgandi. Sherzod oilada opa-ukalariga mehribon, SOS ona tarbiyachiga yaqindan ko‘makchi. U kelajakda yetuk futbolchi yoki ingliz tilini puxta o‘rganib, tarjimonlik sohasida ishlashni orzu qiladi, orzulari yo‘lida tinmay mehnat qiladi.

 

“Ijtimoiy yetimlikning oldini olish”

Bu xizmat faoliyati va bu xizmatning bolalarning oilada tarbiyasini ta’minlash va ularni oilada saqlab qolish borasida Samarqand shahri mahallalari bilan hamkorlikda bugungi kunga qadar 342 (bugungi kunda 112 oila) ta oila 846 (bugungi kunda 284) nafar bolalarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

“Yoshlarga hamrohlik qilish”

Ushbu xizmatda hozirda 63 nafar o‘g‘il-qiz qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xizmat 2008 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib keladi. Xizmatning asosiy maqsadlaridan biri muqobil parvarishlash xizmatida tarbiyalangan o‘g‘il-qizlar mustaqil yashashi uchun ularning imkoniyatlarini oshirishdan iborat. Shuningdek, bolalarning ta’lim olishi, kasb o‘rganishi, muqim yashash joyiga ega bo‘lishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdan iborat.

Hozirga qadar 105 nafar o‘g‘il-qiz mustaqil hayotga qadam qo‘ygan. 77 nafar yoshlar davlat tomonidan ajratilgan uy-joyga ega bo‘lishgan, 7 nafar yoshlarning ota-onasidan qolgan uylari rekonstruksiya qilinishga ko‘maklashilgan. 102 nafar yoshlar davlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan, hozirga qadar 36 nafari oliy ta’limda o‘qishini tamomlagan. 13 nafar yoshlar kasb-hunar texnikumlarini bitirgan. 7 nafar yoshlar kasb-hunar kurslarini tamomlab, mehnat faoliyatini olib bormoqda. Xizmat doirasida jamiyatda murakkab hayotiy vaziyatga tushgan va davlat muqobil parvarishlash xizmatlarining 36 nafar bitiruvchilari qo‘llab-quvvatlandi.

Bu yoshlar oliy ta’limda o‘qishi bilan birga jamiyat hayotida, yoshlar faoliyatiga oid tadbir va uchrashuvlarda faol ishtirok etishadi. 2023 va 2024 yillarda Belarus davlatida tashkil qilingan yoshlar forumida 4 nafar yoshlar faol ishtirok etdi. 25 nafar o‘g‘il-qizlar haydovchilik kurslarida o‘qib, guvohnomaga ega bo‘ldi.

Hozirda 45 nafar yoshlar oila qurgan va ulardan 40 nafari farzandli bo‘lgan.

Bola misoli bir nihol, uni parvarishlash, g‘amxo‘rlik qilish va yo‘naltirish zarur. Shundagina ular jamiyatimiz ravnaqi yo‘lidagi fidoyi insonlar bo‘lib yetishadi.

Dilrabo Davronova,

SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari uyushmasining Samarqand shahridagi filiali direktori.