Samarqandda qancha aholi internetdan foydalanmoqda?
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish, keng polosali ulanish portlarini o‘rnatish va xizmatlar ko‘lamini kengaytirish ishlarini davom ettirmoqda.
Xo‘sh, bugungi kunda viloyatimiz aholisining necha foizi internet tarmog‘iga ulangan? Eski tarmoqlarni zamonaviy optik tolali liniyalarga almashtirish qanday kechoqda? Aholiga yengillik berish maqsadida o‘tkazilayotgan aksiyalarning natijasidan ko‘ngil to‘ladimi?
- Viloyatimiz hududida 4957 km optik-tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 22.254 kilometrga yetkazildi va internetdan foydalanuvchilar soni 122 ming nafardan oshdi, -deydi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Samarqand filiali direktori o‘rinbosari Javohir Orifiy matbuot uyida bo‘lib o‘tgan jurnalistlar bilan uchrashuvda. - Yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan qurilmalarning umumiy sig‘imi 101 998 ta portgacha oshirildi.
- Viloyatdagi mahalla va qishloqlarning 95,2 foizi optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olindi. Bir yil ichida qariyb 68 ming iste’molchi telekommunikatsiya xizmatlariga ulandi.
Joriy yilning o‘tgan davrida 1254 kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, 12 ta aholi gavjum maskanlarda Wi-Fi zonalari tashkil etildi.
- Hozirda Samarqand shahar aholisining 67,4 foizi internet tarmog‘iga ulangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich yil yakunigacha 90 foizdan oshadi, - deydi kompaniyaning Samarqand shahar telekommunikatsiyalar bog‘lamasi boshlig‘i O‘.Qo‘shboqov. – Joriy yilda 167 kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning uzunligi 1487 kilometrga yetkazildi. Shuningdek, yil oxirigacha yana 414 kilometr optik tolali aloqa tarmog‘i tortish va Yagona savdo ofisini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Mis tolali aloqa liniyalarini optik tolaliga o‘tkazish bo‘yicha ham ishlar bosqichma-bosqich ishlar davom etmoqda.
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan uyushtirilayotgan aksiyalar doirasida aholining internetga ulanishini tezlashtirish maqsadida 1090 qisqa raqami orqali murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Va bir kun ichida yangi ulanuvchining texnik imkoniyatlar o‘rganilib, tarmoqqa ulanadi. Yangi ulanayotgan abonentlar uchun ma’lum shartlar asosida modem qurilmasi va 100 metrgacha optik tolali abonent kirish simlari bepul taqdim etilmoqda. Tariflar nafaqat yuqori tezlikdagi internet, balki bepul IP-telefoniya va IP-TV xizmatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.