UZTELECOM onlayn ariza berish deganda nimani tushunadi?
G‘alati holatga duch keldim. WI-FI internet ulash uchun Google qidiruviga “Internet ulash uchun onlayn ariza” yozdim va, tabiiyki, menda tanlash imkoni bo‘lmadi. Men yashaydigan hududda Uztelecom provayderidan boshqa internet aloqasi mavjud emas ekan. Har holda Uztelecom provayderida onlayn ariza uchun xizmat bor ekan, deb yengil tortdim.
Google’da ko‘rsatilgan havolaga o‘tib anketa to‘ldirib, pasportimni skanerlagan holatda yubordim. Arizam № 66-69688 raqami bilan ro‘yxatga olindi. Ana, ishim oson bitdi, ishdan javob olib, vaqt sarflab, sarson bo‘lmas ekanman deb o‘yladim, o‘zimcha.
Ammo xursandchiligim uzoqqa cho‘zilmadi. Ertasi kuni kompaniyadan qo‘ng‘iroq qilib arizam yuzasidan ofisga borishim, shartnoma qilishim uchun kompaniya xodimi tushuntirish berdi. Onlayn ariza berganimni aytishimdan foyda bo‘lmadi.
Xo‘sh, nega onlayn ariza berib “offlayn” yugurishim kerak? Bu yerda mantiq qani? Yana kim deng, eng zamonaviy ish tartibi yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘lgan axborot kommunikatsiya tizimidagi kompaniyada!
Tasavvur qilaylik, internet provayderlari va raqobat ko‘p mamlakatlarda bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutishgan bo‘lar edi.
Onlayn ariza to‘ldirasiz va ertasi kuni kompaniya xodimlari oyog‘ini qo‘liga olib chopib kelib, internetingiz ulab to‘lovni olib, imzo chektirib ketishadi! Nega deysizmi? Ular sizni fikringiz o‘zgarib qolishidan, mijozni boy berib qo‘yishidan qo‘rqishadi. Mana sizga raqobatning foydasi.
Biz esa hali ko‘p onlayn ariza berib, orqasidan yana kompaniya ofisiga yetib borishimiz kerak. Qiziq, bu kompaniya onlayn ariza berishni yo‘lga qo‘yganidan maqsad nima o‘zi? “Bizda ishlar zamonaviy” deb hisobot berishmi? Aftidan, bunday provayderga onlayn ariza berib hali ko‘p yugursak kerak.
Feruz Yaxshiboyev.