O‘zbekiston mobil internet narxlari bo‘yicha Qirg‘izistonga yon berib, Qozog‘istonni ortda qoldirdi

O‘zbekistonda mobil internetning o‘rtacha tarifi bir yil ichida deyarli 40 foizga pasayganini Cable.co.uk. portali ma’lum qildi.

May oyi holatiga ko‘ra, 28 ta tarif rejasini taqqoslash asosida 1 GB mobil trafik o‘rtacha 0,3712 AQSh dollarini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikamiz dunyoda 15-o‘rinda, MDHda esa Qirg‘izistondan keyin 2-o‘rinda turibdi.

2021 yilda esa O‘zbekiston bir gigabayt uchun o‘rtacha 0,6 dollarlik trafik narxi bilan 22-o‘rinni egallagan. Mobil internet bo‘yicha Qirg‘izistondan tashqari Qozog‘iston ham 0,59 dollar bilan oldinda edi.

So‘nggi ikki yilda pozitsiyalarda yanada sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. 2020 yilda O‘zbekiston 55-o‘rinni (1,34 dollar), 2019 yilda esa 69-o‘rinni (3,27 dollar) egalladi. Boshqacha aytganda, uch yil davomida mobil internet o‘rtacha 8,8 barobar arzonlashdi.

Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridagi eng arzon trafik endi Qirg‘iziston tomonidan taklif qilinmoqda – bir gigabayt uchun 0,17 dollar. Dunyoda u bir yilda to‘rt pog‘onaga tushib ketgan holda 6-o‘rinni egallab turibdi.

Biroz farq bilan Qozog‘iston (0,3726 dollar) O‘zbekistondan bir qator pastda. Ukraina o‘rtacha 0,43 dollar bilan 24-o‘rinni, Rossiya 30-o‘rinni (0,48 dollar) egalladi.

Mintaqada eng qimmat internet Turkmanistonda (1 Gb uchun 14,27 dollar va 227-o‘rin). Tojikiston ham yuqori tariflar bilan ajralib turgan holda 131-o‘rinni egalladi (1,94 dollar).

Mualliflar fikricha, past mobil internet narxlari rivojlangan infratuzilma va yuqori talabga bog‘liq. O‘z navbatida, rivojlangan mamlakatlarda trafik ko‘pincha qimmatroq turadi.

Isroil eng hamyonbop mobil internetga ega mamlakat sifatida tan olingan bo‘lib, bir gigabayt uchun o‘rtacha narx $0,04. Ikkinchi o‘rinda Italiya (0,12 dollar), uchinchi o‘rinda San-Marino (0,12 dollar). Shuningdek, kuchli beshlikdan Fiji (0,15 dollar) va Hindiston (0,17 dollar) joy oldi.

Autsayderlar ro‘yxatiga asosan orol hududlari – Britaniyaga qarashli Sent-Yelena orollari (41,06 dollar) va Folklend orollari (38,45 dollar), shuningdek, San-Tome va Prinsipe Respublikasi (29,49 dollar) kiradi.