Toqatsizligimizga internet sababmi yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan xabarlarmi?

Bolaligimizda dunyoda nima ishlar bo‘layotganini “Vremya” va “Axborot”dan bilardik. Ular hamma narsani ham shov-shuv qilavermasdi.

Bugun axborot oqimi, yangiliklar, voqealar shunchalik ko‘pki, ba’zida inson miyasi tahlil qila olmayotgandek go‘yo. Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvli voqea-hodisalar ikki-uch kun muhokamada bo‘ladi, keyin u tezda eskiradi. Hayotimizda aql bovar qilmas, qalbimiz qabul qila olmaydigan hodisalarga ham tezda ko‘nikib ketayotgandekmiz.

Faoliyatimiz internet bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani uchun, unda kechayotgan gap-so‘zlarni kuzatishga majburmiz. Qaysi ijtimoiy tarmoqqa kirmang o‘z bolasini ayiqqa yem qilmoqchi bo‘lgan ayol hangomasi, asosan qarg‘ishlardan iborat postlar va chiqishlar talaygina. Ayol-ku qilmishiga yarasha tegishli jazoga tortildi. Ammo bir ayol taqdirida jamiyatimizdagi bor muammolar yuzaga qalqib chiqmadimi? Unga faqat achinish mumkin, qarg‘ash shart emas.

30 yashar yoshgina ayol Toshkentdagi nufuzli oliygohlarning magistratura bosqichida ta’lim olarkan. Oilasi ajrim arafasida, turmush o‘rtog‘i Rossiyada, yolg‘iz yashaydi, eri yordam bermaydi, farzandini o‘zi boqadi, yana kontrakt to‘lovi ham bor ekan. Oiladagi yetishmovchilik, yolg‘izlik, er tomonidan bo‘ladigan ruhiy bosimga zamonaviy, oliy ma’lumotli ayol bardosh bera olmadi. Ruhiyatida yuz berayotgan chalkashliklar, "portlash"lar natijasida o‘z tuqqan bolasi, ko‘zining oqu qorasini yirtqich hayvonga yem qilmoqchi va shu yo‘l bilan eridan, jamiyatdan o‘ch olmoqchi bo‘ldi. Hayvonot bog‘iga aynan shu maqsadda kelganiga sira ham ishonib bo‘lmaydi.

“Zuzu” (hayvonot bog‘idagi ayiq) qizchani burdalab tashlamadi, deyiladi xabarlarda. Aytishlaricha, yirtqichning qorni to‘q bo‘lgan ekan. Yolg‘on, qorni och bo‘lganida ham baribir yemasdi, yeyaolmasdi. Hayvonlar sezgir bo‘ladi, balki u onada kechayotgan shaytoniy vasvasani his qilgandir.

Sezgandirsiz, bugun jamiyatimizda toqatsizlik hukmron. Asablar tarang, tushunish, hamdardlik, iltifot singari insoniy fazilatlar tobora kamyoblashib boryapti. Er xotinini pichoqlagan, farzand otasini o‘lasi qilib urgan, chaqaloqlar axlatxonalarga tashlab ketilayotgan, qaynotalar keliniga ko‘z olaytirgan holatlarga ko‘nikib, moslashib borayotgandekmiz.

Ayol baribir ojiza yaratilgan. Uning ortida “Tog‘” bo‘lmasa, nurab ketaveradi. Yuqoridagi vaziyatda ham asosiy aybdor uning eri. G‘ururi, oriyati bo‘lmagan erkak tug‘dirib, tashlab ketaveradimi? Avvalo, uni jazolash kerak emasmi? Jamoatchilik e’tiborini masalaning ana shu jihatiga qaratsak, adolatli bo‘lardi. Jamiyatimizda boshqa tuzilmalar ham bor – mahalla, xotin-qizlar, ichki ishlar va hokazo. Bizda ayni paytda mahallaning roli va ahamiyatiga katta umid bildirilyapti, unga ko‘p vakolat va huquqlar berilyapti. Aslida ham mahalladagi biror oilada notinchlik bo‘lsa, ularning albatta xabari bo‘ladi. O‘sha “qahramon” ayol ajrashish uchun bir necha marta sudga ariza bergan, ammo sud ajrashtirmagan ekan. Majburiy saqlab qolingan oila nima bo‘lardi?  Sud ularni ajratganida, balki 2 nafar bolasi uchun aliment olganida ham vaziyat bungacha bormasmidi.

To‘g‘ri, ajralish yaxshi emas, lekin vaziyatlar har xil bo‘ladi. Butlab bo‘lmaydigan oilalarni saqlab qolishdan naf yo‘q, ularni ajratib, bolalarning qonuniy haqini otadan undirib berish kerak. 

3 yashar qizaloq bir kun albatta, katta bo‘ladi, esini taniydi. O‘shanda onasini tushunarmikan, uni harakatini kechirarmikan? Odamni muhit tarbiyalaydi, deyishadi. Ishqilib, unga yaxshi insonlar qurshovida ulg‘ayish nasib etsin. Jamiyatga, insonlarga, yaqinlariga nisbatan nafrat va adovatni his qilmasin. Muammo shunda!

Gulchehra Berdiyorova.