Odri Azule iqtibos keltirgan Samarqand ta’rifi
Samarqand shu kunlarda juda gavjum va butun dunyoning nigohi ushbu ko‘hna kentda. Aslida shundog‘am, Samarqand qadimdan hammaning nigohida bo‘lgan.
30 oktyabr kuni YuNESKO yig‘ilish marosimini Prezidentimiz va tashkilot rahbari Odri Azule xonim chiqish nutqlari bilan ochib berishdi. E’tibor qilganim, Odri Azule xonim “Samarqand” kitobi muallifi Amin Maalufdan iqtibos keltirdi. Iqtibos shu: “Bu shahar yerning quyoshga yuzlangan eng go‘zal siymosidir”. Mana Samarqandga ta’rif, go‘zal bir tasvir.

Amin Maalufning “Samarqand” kitobi mashhur kitob. Bu kitob Turkiyaning o‘zida 150 martadan ortiq nashr qilingan. Turkiyada birorta kitobxon yo‘qki, uni o‘qimagan bo‘lsa. Yana tez-tez nashr qilinib turiladi. Yevropa va boshqa dunyolar Samarqandni mana shu kitob orqali ko‘proq tanigan. Bizda esa…
Rosti bizda bu kitobni eshitgan odam nari borsa 100 kishi chiqar. Biz ham Turkiyada yashaganimizda bilib qoldik bu kitob haqida va o‘shandan beri oilamizning eng sevimli kitobiga aylangan. Takror-takror o‘qiladi. Kitobdan, har o‘qiganda ayricha maroq olasiz.
Bilishimcha, bu kitob o‘zbek tiliga fransuzshunos olim Abdumurod Ko‘chiboyev tomonidan tarjima qilingan. Eng qizig‘i, kitob Toshkentda “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan bosilgan ham. Ammo kitobdan tarjimonning oilasiga (va’da qilingan holda) bir dona ham berilmagan va juda kam nusxada chiqarilgan (sotuvda esa yo‘q).
Xullas, bu kitob haqida savollar ancha. Negadir javob topa olmayapman. Bu kattagina imkoniyat-ku.
Bu va boshqa Samarqand haqida yozilgan manbalar orqali, ona shahrimizda ajoyib turistik joy va manzillar qilsa bo‘ladi.
Fazliddin Madiyev.