Bulung‘urliklar uylariga WI-FI o‘tkaza oladimi?

«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining Bulung‘ur tuman telekommunikatsiya bog‘lanmasi mutaxassislari ikki yildan buyon optik tolali aloqa tarmoqlari tortib, aholini internet aloqasi bilan ta’minlab kelyapti. Ammo tumanning hamma joyida internet yaxshi ishlaydi, deb bo‘ladimi?

Bugungi kunda tumanda Yaponiya xalqaro taraqqiyot banki (JBIC)ning moliyaviy yordami bilan magistral tarmoqlar kengaytirilib, yuqori kuchlanishli JPON elektron tizimi qurilmalari ham o‘rnatilmoqda.

Bog‘lanma mutaxassislari tomonidan tuman hududida 120 kilometr kabel tortilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 80 kilometr masofaga optik tola tarmog‘i o‘tkazildi. Tuman markazida 4 ta, shuningdek, Kildon, Mingchinor, Niyozmat, Cho‘yantepa kabi mahallalarda 12 ta JPON aloqa stansiyalari ishlab turibdi. Natijada 4,5 mingdan ziyod abonent zamonaviy telekommunikatsiya aloqa tarmog‘idan foydalanmoqda. O‘tgan yili besh yuzdan ortiq xonadonga optik tolali tizim tortilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida 250-300 xonadon qamrab olindi. Jumladan, yil boshidan Xo‘jamazgil, Avliyo Parpi mahallalari aholisi ham zamonaviy internet xizmatidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur mahallalarda joylashgan maktab, bog‘cha hamda QVPga telefon tarmog‘i tortilib, montaj ishlari olib borilmoqda.

- Ayni paytda aholi xonadonlari bilan bir qatorda ijtimoiy soha ob’yektlariga ham zamonaviy aloqa tarmoqlari tortilmoqda, - deydi tuman telekommunikatsiya bog‘lanmasi boshlig‘i Ilhom Mamatqulov. – Aslida reja bo‘yicha ularni o‘tgan yili tugatishimiz kerak edi, biroq pandemiya sababli ishlarni yakunlashga ulgurmadik. Hozirgacha 65 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining 46 tasida montaj ishlari yakunlanib, 29 ta maktab o‘quvchilari internetdan foydalanmoqda. Shuningdek, tumandagi 55 ta mahallaning 23 tasida, 20 ta tibbiyot muassasasidan 13 tasida hamda 28 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tuman markaziy stansiyasi orqali zamonaviy aloqa tizimiga ulandi. Joriy yilning iyun oyigacha barcha ijtimoiy soha ob’yektlari to‘liq zamonaviy aloqa tarmoqlari bilan qamrab olinadi.

256 abonentga mo‘ljallangan yangi stansiyalardan biri Kildon mahallasida o‘rnatilgan bo‘lib, aholiga pullik xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Har bir mijoz o‘zi xohlagan tarif evaziga mazkur stansiyaga ulanishi mumkin. Yilning ikkinchi choragida yana o‘nga yaqin mahallaga optik tolali aloqa liniyasi tortish mo‘ljallangan bo‘lib, yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash maqsadida yana 20 kilometr uzunlikdagi ana shunday aloqa tarmog‘i o‘tkaziladi. Natijada 1000 dan ziyod xonadon mazkur xizmatdan foydalanishi mumkin. Keng polosali simli internetga ulanishni yaxshilash uchun qo‘shimcha portlar o‘rnatiladi. Shuningdek, Sohibkor, Changal-1, G‘ubdin, Bulung‘urariq mahallalarida 5 ta zamonaviy stansiyalar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Keyingi ikki yilda tuman hududida o‘ndan ortiq mobil aloqa tarmoqlarining yangi bazaviy stansiyalari o‘rnatiladi. Bunda asosiy e’tibor olis aholi punktlariga qaratiladi va bu yili keng polosali mobil internet qamrovi 85 foizgacha ko‘tariladi.

Bog‘lanmaning to‘rt nafar mutaxassisdan iborat brigadasi kuniga 2 kilometr masofaga optik aloqa kabellarini tortib, aholi xonadonlarini markaziy stansiyaga ulab kelmoqda.

- Tuman markazidan qariyb ikki kilometr masofaga 96 tolali, shuningdek, Gulzor va Mingchinor mahallalari oralab 4 kilometr masofaga 48 tolali optik kabel tortildi, - deydi tuman kommunikatsiya bog‘lanmasining yetakchi muhandisi Egamberdi Turdiyev. – Mazkur mahallalar aholisi ham yil yakunigacha telefon, internet va IPTV kabi zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bir necha yil ichida telekommunikatsiya tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik imkoniyatini oshirish orqali aholiga o‘rtacha 10 dan 100 Mbit/s. gacha, korxona va tashkilotlarga esa 100 dan 1000 Mbit/s. gacha ulanish tezligini taqdim etish bo‘yicha qator choralar ko‘riladi. 2030 yilgacha tumandagi barcha aholi punktlari va korxona-tashkilotlar qamrab olinadi.

- Ko‘chamizga yangi optik tarmoq tortilganiga ancha bo‘ldi, - deydi Bulung‘ur tumani markazida yashovchi Iroda Rahimova. – Qo‘shnilarimiz undan foydalanib kelmoqda. Men ham uyimga WI-FI o‘tkazish uchun ariza berganimga ko‘p bo‘ldi. Har safar yangi uskunalar yo‘q, deb rad javobini berishadi.

Tuman markazidagi O‘zbekiston ko‘chasida yashovchi Z.Sheraliyevning aytishicha, o‘tgan yili uyiga optik tolali kabel o‘tkazilib, telefon va internet tarmoqlariga ulangan bo‘lsa-da, tez-tez ishlamay qolarkan.

Korxonada aholi murojaatlari bilan ishlash ko‘ngildagidek emas. Ularni ro‘yxatga olish daftari to‘liq to‘ldirilmagan.

- O‘tgan yil davomida fuqarolardan 98 ta murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning barchasi ijobiy hal qilindi, - deydi bog‘lanmaning murojaatlar bilan ishlovchi mutaxassisi Go‘zal Qo‘chqorova. - So‘nggi ikki oyda 42 ta murojaat tushdi. Ularning aksariyatini internetga ulanish, aloqa sifatining yomonligi hamda eski uskuna o‘rniga yangisini o‘rnatib berishlarini xohlovchilar tashkil etadi.

Biroq kuniga 20 dan ziyod fuqaro shikoyat bilan keladigan tashkilotga mart oyining dastlabki 10 kunligida bor-yo‘g‘i 4 ta murojaat bo‘lganligini nima bilan izohlash kerak? Yoki viloyat va tuman hokimiga telefon aloqasining pastligi, tizimdagi kamchiliklar haqidagi shikoyatlar kammi? Bu borada mutasaddilar e’tiborliroq bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi.

Dilmurod To‘xtayev.