Bulung‘urda yangi yo‘l o‘tkazgich qurilishi – eski muammolar yechimi

Samarqand shahrini Toshkent bilan bog‘lovchi M37 yo‘lidan Bulung‘ur-Urgut, ya’ni, 4R47 yo‘li ikkinchi kilometrida temir yo‘l kesishmasi joylashgan. Shu paytga qadar avtomobillar ushbu kesishma orqali harakatlanganda uzundan-uzun tirbandliklar va tartibsizliklarni keltirib chiqarardi. Agar poyezd o‘tadigan bo‘lsa avtomobil yo‘lida harakat to‘xtatilardi. O‘qishga yoki ishga shoshayotganlar bir necha o‘n daqiqalik vaqtini kutishga yoki boshqa yo‘l orqali aylanib kelishga sarflardi. Shu kabi muammolarga barham berish maqsadida bu yerda yo‘l o‘tkazgich qurilyapti. 

Qurilish bunyodkorlik ishlari Toshkent ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi hamda “Farovon yo‘l servis” MChJ ishchi-xodimlari tomonidan bunyod etilyapti.

- Ushbu ob’yekt qurilishi 2023 yil dekabr oyida boshlangan, - deydi “Farovon yo‘l servis” MChJ ish boshqaruvchisi Bobur Asrorov. - Bunyodkorlik ishlariga 45 nafar ishchi, 30 ga yaqin mexanizatorlar, 20 dan ziyod texnika vositalari jalb qilingan. Loyiha qiymati 80 milliard so‘m bo‘lib, 2024 yilda qurilish ishlari uchun 24 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Yo‘l o‘tkazgich 2025 yil avgust oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).