Veb-sayt egasi va bloger internetdagi sahifasida nimalarga yo‘l qo‘ymasligi kerak?
🔰 Veb-saytning va veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan, bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internetdagi o‘z veb-saytida va veb-sayt sahifasida yoxud boshqa axborot resursida quyidagilarga yo‘l qo‘ymasligi shart:
▪️ O‘zbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;
▪️ ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga, shuningdek, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglarda, ko‘cha yurishlarida va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish, mazkur noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirish;
▪️ jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish;
▪️ urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;
▪️ davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor etish;
▪️ milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;
▪️ jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan, beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
▪️ giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va prekursorlarni targ‘ib qilish;
▪️ pornografiyani, zo‘ravonlikni va shafqatsizlikni targ‘ib qilish, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga da’vat etish;
▪️ fuqarolarni, shu jumladan, voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayotiga va sog‘lig‘iga yoxud o‘zga shaxslarning hayotiga va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga yoki boshqa tarzda jalb qilishga qaratilgan axborotni tarqatish;
▪️ qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan o‘zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanish.
Bu haqda Huquqiy axborot ma’lum qildi.