Bloger Dima Qayum "samosud"ga uchradi

Halq deputatlari Uchtepa tumani kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbarining o‘rinbosari Nuriddin Zaynitdinov bloger Dima Qayumga uyushtirilgan samosud bo‘yicha munosabat bildirdi:

"Biz qachon odam bo‘lamiz? Endi nishoningizga Dima Qayum tushdimi?

Bloger va samimiy inson Dima Qayumga nisbatan kecha Rishtonda uyushtirilgan samosud holati, uning olib borayotgan hayrli ishlari va blogerlik faoliyati g‘ashiga tekkan, kutubxona qurilishiga qarshi bir guruh shaxslar tomonidan bo‘lgani, ya’ni bozorchi-ayollarimizni ishga solishgani taqdim etilgan video, foto materiallarda ko‘rinib turibdi.

Dima Qayumga nisbatan tajovuz, tahdidni, “samosud” holatini va unga tegishli telefon ekranini sindirib tashlanganini keskin qoralayman va tegishli vazirlik va idoralardan bu holatni zudlik bilan o‘rganib chiqishlarini va alohida nazoratga olishlarini so‘rayman.

Bir guruh shaxslar tomonidan “Bozor buzilganida aybdorsan”, “kutubxona qurmaysan” deb ayblanib, “samosud” qilingan Dima Qayum aks etgan videoni ko‘rib, yurtdoshlarimizning huquqiy ongi pastligidan, ular o‘z xatti-harakatlari bilan inson haq-huquqlarini paymol etib, o‘zboshimchalik qilgani, o‘zi jinoyatga qo‘l urayotganini anglab yetmagani ko‘rinib turibdi.

Yurtdoshlarimiz orasida bosar-tusarini bilmay qolgan "samosud"chilar, bizning jamiyatda qonun ustuvorligini unutib, huquq-tartibot idoralari va sudning vakolatlarini nahot, o‘z zimmalariga olishga urinmoqdalar. Bu achinarli holat!

Shu o‘rinda tashvish bilan yozish mumkinki, oxirgi paytlar “samosud” holatlari ko‘payib bormoqda. Ularga qo‘yib bersa, aybdorni o‘sha yerning o‘zida sazoyi qilib yuborishdan, dorga tortib yuborishdan ham tap tortishmaydi.

Yana takrorlayman, kim bo‘lishidan qat’iy nazar “samosud” holatiga yo‘l qo‘yilishi mumkin emas. Jamiyat qanday bo‘lmasin, qonun-qoida asosida, tartib-intizom bilan yashashni istaydi. Shundagina, millat, xalq birligi, totuvligiga erishiladi. Odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi shart.

"Samosud"chilar o‘zlarining xatti-harakatlari, o‘zboshimchaliklari, haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirishi fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘layotganliklarini anglab yetishi kerak.

Bunga tegishli organlarning huquqiy baho berishi lozim", deb yozgan deputat o‘zining facebook’dagi sahifasida.

Shu o‘rinda, sud hukmi jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanilishi hamda aybi bo‘lmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi, hukm qilinmasligi haqidagi jinoyat sud ish yurituvining asosiy vazifalarini hal etadigan, sud muhokamasiga yakun yasaydigan, O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan odil sudlovning muhim hujjatidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi, Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro paktning 14-moddasi hamda JPKning 23-moddasiga muvofiq, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.

Faqat asosli va odilona jazo tayinlash orqaligina jamiyatni jinoiy xurujlardan samarali himoya qilish, sudlanganlarni tuzatish va qayta tarbiyalashga erishish, sudlanganlar hamda boshqa shaxslar tomonidan yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishni ta’minlash mumkin.