Yosh bolani urib, qovurg‘alarini sindirgan enaga 5 yilga qamaldi

Samarqand shahrida o‘ziga ishonib topshirilgan bolani urib, qovurg‘alarini sindirgan enagaga sud hukmi o‘qildi.

Ma’lum qilinishicha, asli urgutlik bo‘lgan 37 yoshli sudlanuvchi Samarqand shahrida ijarada yashab, o‘zi bilan birga yashagan tanishining farzandiga enagalik qilishga kelishgan. Evaziga ijara pulining yarmini to‘lamasligini aytgan. Sudlanuvchi hali voyaga yetmagan bolaning sho‘xliklarini ko‘tara olmagan va uni urib-do‘pposlab kelgan.

“Balki onasidagi alamimni undan olgim keldimi, balki farzandsizligim menga ta’sir qildimi, nega hammaga beradi, menga bermaydi, dedim. Hamma narsani o‘yladim. Bir marta urdim, lekin yaxshigina urdim. Qo‘lidan, qornidan chimchiladim, yuziga, dumbasiga urdim”, dedi sudlanuvchi.

Shuningdek, aybini yashirish maqsadida bolani davolash evaziga 500 ming so‘m berishini aytib, uni boshqa dugonasiga berib yuborgan. Ayol farzandi qiynalib nafas olayotganini ko‘rgach, uni shifoxonaga olib borgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasida bolaning chap yuz yanoq va burun sohalarida shilinma, ko‘krak va ikkala qo‘l-oyoqlarida jarohatlar aniqlangan.

Qovurg‘alarining sinishi kabi jarohatlar hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lgan tan jarohatlar, deya baholangan va u o‘tmas jismlar ta’sirida yetkazilgani ko‘rsatilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayol Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.