"Mardin Biyennalesi-2026": Qadimiy shahar jahon zamonaviy san’ati markaziga aylandi

Ayni kunlarda Turkiyaning Mardin shahrida 7-Mardin biyennalesi bo‘lib o‘tmoqda.

Dunyoning qariyb 20 mamlakatidan 40 dan ortiq ijodkorni bir maydonga jamlagan mazkur tadbir ishtirokchilarga Mardin shahrining o‘ziga xos tarixiy-madaniy muhiti, betakror me’morchiligi va boy qadimiy merosini tanitmoqda.
Mardin biyennalesi dastlab 2010 yilda Janubi-sharqiy Onado‘lining bebaho durdonasi sanalgan Mardinni zamonaviy san’atning muhim markazlaridan biriga aylantirish maqsadida tashkil etilgan. Loyiha san’at tili orqali mintaqaga yangi qarashlar, ijodiy yondashuvlar va madaniy tafakkur olib kirishni ko‘zda tutadi.   

Ushbu biyennale bu yil “GÖKzemin” (“Osmon-zamin”) mavzusi ostida o‘tkazilmoqda. Biyennale osmon va zamin, shaxs va jamiyat, o‘tmish va kelajak kabi bir-biriga qarama-qarshi ko‘rinadigan tushunchalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni badiiy talqin etadi. Dasturdan turli san’at asarlari namoyishi bilan bir qatorda rassomlar ishtirokidagi mahorat darslari, mutolaa va muhokama tadbirlari, ijodiy uchrashuvlar hamda musiqiy chiqishlar o‘rin olgan.

Bu yilgi biyennale avvalgi yillardan farqli ravishda o‘z doirasini kengaytirib, Eski Mardin bilan cheklanib qolmay, butun mintaqa bo‘ylab turli tarixiy va madaniy maskanlarni qamrab oladi. Tadbirlar qadimiy Dara shahri, Deyrulzafaron monastiri, Atesh beylar hammomi, Eski Mardindagi Sakip Sabanji muzeyi hamda qator jamoat maydonlarida o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, “ochiq osmon ostidagi muzey” deya ta’riflanadigan shahar ming yillar davomida shakllangan Yuqori Mesopotamiyaning ko‘p qatlamli madaniy merosini o‘zida mujassam etgan. Shaharning me’moriy qiyofasida turli xalqlar va madaniyatlarning izlarini ko‘rish mumkin.

Mardinning eng mashhur tarixiy obidalari qatoriga Mardin Ulujome masjidi, Deyrulzafaron monastiri, Mor Behnam cherkovi, Zinjiriye va Qosimiya madrasasi kiradi. Bundan tashqari, Midyat tumanidagi Mor Gabriyel monastiri hamda ko‘pincha “Mesopotamiyaning Efesi” deb ataladigan Dara qadimiy shahri mintaqaning boy tarixiy va madaniy merosi sanaladi.

Zilola tayyorladi.