Taqdirmi yo tantiqlikning to‘lovi?

Ularning har ikkisi ham badavlat, obro‘li, mansabdor oilada ulg‘aydi. Uzoqroq qarindosh ham edilar. Otalari ma’qul ko‘rib unashtirildi.

Yigit birinchi uchrashuvdayoq bu go‘zal qizning sal erkaroq ekanligini sezgan bo‘lsa-da, otasining yuzidan o‘tolmadi. Qiz esa og‘ir-vazmin, qarashlari aqlli yigitning sekin ohangda gapirishiga mahliyo bo‘lib qoldi.

Turmush qurdilar. Farzandli bo‘ldilar. Go‘zal, manman, maqtanchoq kelinga omad kulib? bir yildayoq alohida bo‘lib chiqdilar. Turmush o‘rtog‘i ota-onasiga qattiq muhabbatli ekanligini, ularning oldiga tez-tez borib kelayotganini ko‘rgan kelinchak negadir erini qaynona-qaynotasidan ham qizg‘fna boshladi. O‘zi tabiatan xudbinroq bo‘lgani uchun yaqinlarini u qadar sog‘inmas edi.

Bir kuni qovurma chuchvara yegisi kelib, pishirdi. Qizarib pishgan chuchvaralarni tog‘oraga solayotganda eri ham kirib keldi.

- Shundan bir hovuchgina bering, oyimga olib boray, -so‘radi yigit.

- Buncha oyimlayverasiz? Onangiz ro‘zg‘orimiz bo‘lak bo‘lganida ikkita piyola berdimi? Hammasini mening onam qilib berdi, qo‘limdagi chovligacha!.. - uning chakagi o‘chay demasdi.

Baxtiyor indamadi.

Dildor «bopladim», deb o‘yladi o‘zicha.. Bir payt qarasa, eri kiyinib, qo‘liga ishga boradigan  portfelini ko‘tarib olibdi.

- Uy siz va qizimga. Men onamni haqorat qiladigan ayol bilan yasholmayman, - U eshikni odatdagidek sekin yopib chiqib ketdi...

Avvaliga Dildor unga ovozini ham ko‘tarib gapirmagan erini negadir yalinib keladi deb o‘yladi. Yozuvchi otasi unga doim “Tinch oqqan daryoning tubi g‘alvali bo‘ladi”, der edi. “Rost ekan, Baxtiyor akam jim yurganlari bilan yurak-yurakdan norozi bo‘lgan ekanlar-da», deb o‘ylay boshladi u.

Kattalar aralashdi. Ularni hech kim yarashtira olmadi.

- Ering uylanibdi, falon lavozimga ko‘tarilibdi, - respublika miqyosidagi katta lavozimni aytdi ammasi.

Dildorning ko‘zidan duvillab yosh oqardi. Unga sobiq turmush o‘rtog‘ining mansabi ham, lavozimi ham qiziq emas edi, aslida. Unga doim beg‘ubor nigohlarida muhabbat hadya etib turuvchi Baxtiyorning o‘zi kerak edi.

U turmush qurgan odam tushgan oilasidagi barchani yaxshi ko‘rib qolishga majbur ekanligini juda kech tushungan edi, xolos...

Feruza SALXODJAYeVA.