Tabiat taqvimining Yangi yili: Navro‘z kunlari farishtalar yerga tushib, odamlarga yaxshilik va farovonlik ulashadi
Sharqda Navro‘z bayrami 21 mart - tabiat uyg‘onayotganda, kun tun bilan tenglashganda, yangilanish barq urganda nishonlanadi. Sababi, shu kuni yangi Quyosh tug‘iladi, Yer uyg‘onadi.
Navro‘zni bayram sifatida nishonlash insoniyatning eng qadimgi, dehqonlar orasida Quyoshga sig‘inish endigina paydo bo‘la boshlagan davrga borib taqaladi. Manbalarda keltirilishicha, miloddan avvalgi 648-330 yillarda ahamoniylar imperiyasida Navro‘z zardushtiylikning diniy bayrami maqomini olgan.
BMT 21 martni «Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’lon qilgan
Navro‘z madaniy xilma-xillik va xalqlar, turli jamiyatlar o‘rtasidagi do‘stlikni targ‘ib qilganligi sababli uni nishonlash YuNESKO mandatiga mos deb topilgan. Xususan, 2003 yilgi Nomoddiy madaniy-merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, 2009 yilda Navro‘z insoniyatning nomoddiy-madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
2010 yilda BMT Bosh Assambleyasi rezolyusiyasida 21 mart "Xalqaro Navro‘z kuni" deb e’lon qilindi. Bu Navro‘zni nishonlayotgan davlatlarning ushbu kun bilan bog‘liq madaniyat va an’analarini saqlash hamda rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni olqishlaydi.
Navro‘z yangi yil boshlanishi, davlat bayrami sifatida nafaqat O‘zbekiston, balki Eron, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Albaniya, Iroq Kurdistoni, Hindiston, Makedoniya, Turkiyada, Rossiyaning janubida - Tatariston, Boshqirdistonda keng nishonlanadi.
Yaxshilik ufurgan an’analar
Navro‘zni nishonlash an’analari uning ko‘p asrlik tarixi davomida deyarli o‘zgarmagan. Barcha mamlakatlarda bayramga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘riladi: uy, hovli va ko‘chalarda umumiy tozalash ishlari bajariladi, ba’zi xalqlarda uyga gullagan daraxt novdalari qo‘yiladi, yangi kiyim kiyiladi, bayramona milliy taomlar tayyorlanadi. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, keksalar va bemorlarni ziyorat qilish, xalq sayillari, bayram bozorlari, sport musobaqalari tashkil etish, ko‘chatlar ekish, dala ishlarini boshlash odat tusiga kirgan.
Qadimgi marosimga ko‘ra, yangi yilda birinchi nihol hududning eng keksa va hurmatli a’zosi tomonidan qadaladi. Shu kunlarda oqsoqol, ota-ona va ustozlar duosini olish juda muhim. Bundan tashqari, xalqlar orasida bir qadimiy afsona bor: Navro‘z kunlari farishtalar yerga tushib, odamlarga yaxshilik va farovonlik ulashadi. Ammo ular faqat tinchlik va totuvlik hukm surgan uyga kirishadi. Shuning uchun odamlar mehrini darig‘ tutmay, adovat va gina-kuduratni unutishga, bir-birining aybini kechirishga harakat qilishi kerak.
Navro‘zda har bir qalb o‘zining chin ildizlariga, tabiatga oshiqadi, har bir yashil maysa, o‘rmalab chiqqan hasharotga quvonadi, butun qalbi bilan yashnayotgan hayotni sevadi. Olam esa gulga, iforga, zavqqa to‘lib boraveradi.
Internet ma’lumotlari asosida G.Xoldorova tayyorladi.