Navro‘z arafasida Samarqandda "Kabob festivali" va katta ko‘pkari musobaqasi o‘tkaziladi
Yurtimizda bahor boshlandi. Yangilanish, yasharish faslining dastlabki oyi bayramlarga boy. Erta-indin aziz va mo‘’tabar xotin-qizlar bayramini nishonlaymiz. Zavqli kunlar Navro‘z umumxalq bayramiga ulanib ketadi.
Garchi 21 mart – Navro‘z umumxalq bayrami kuni hisoblansa-da, bu qadimiy, asl milliy bayramimiz bahor nafasi sezilgan kunlardanoq, qishloq xo‘jalik yumushlariga kirishilishi bilan boshlanadi. Navro‘z bilan bog‘liq turli udumlar, an’ana va qadriyatlar bo‘y ko‘rsatadi.
Koronavirus pandemiyasi sababli keyingi ikki yilda butun Sharq mamlakatlarida, jumladan yurtimizda ham Navro‘zni keng nishonlash imkoniyati bo‘lmadi. Bugun vaziyat biroz barqaror bo‘lgach, bayramni umumxalq sayli sifatida nishonlashga hozirlik ko‘rilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining qarori ham qabul qilinib, tayyorgarlik ishlari boshlandi. Bu yilgi Navro‘z tantanalarini “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr muhabbat va qadr qimmat ayyomi” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada nishonlash belgilandi.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Samarqandda bayramni munosib nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar belgilandi
- Xalqimiz Navro‘zni yil davomida kutadi, yaxshi kayfiyatda, yaqinlari, mahalla-ko‘y bilan nishonlashni istaydi, – dedi viloyat hokimi. – Zero, Navro‘z o‘zimizning sharqona yangi yil, yangilanish, mehr-oqibat bayrami. Bu yil viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida, mahallalarda Navro‘zni umumxalq sayli sifatida, xalqimizga xos an’ana va qadriyatlar asosida, qarorda belgilanganidek, karantin qoidalariga rioya etgan holda nishonlaymiz.
Bayram tadbirlarida inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni aks ettiradigan, atrof-muhitni, uning ne’matlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, inson qadrini ulug‘lashga da’vat etadigan madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillari holidan xabar olinib, ularga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi. Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida yashayotganlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam beriladi, xayriya tadbirlari amalga oshiriladi.
Viloyatning asosiy bayram tantanalari Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i va uning atrofidagi Alisher Navoiy, Kamol Ota Turk ko‘chalarida tashkil etiladi. “Mo‘’jiza” amfiteatrida badiiy dastur namoyish etiladi. Bundan tashqari, Qorasuv massivi, Kimyogarlar qo‘rg‘oni “Nurafshon” san’at saroyi, Farhod shaharchasida ham bayram sayillari uyushtiriladi.
18 mart kuni Samarqand shahrida “Kabob festivali”, 19 mart kuni esa Jomboy tumanida uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bayram munosabati bilan bozorlar va aholi gavjum maskanlarda arzonlashtirilgan mahsulotlar savdo-yarmarkalari o‘tkaziladi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha shahar va qishloqlarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari, “Mahallamga nihol ekaman!” aksiyasi amalga oshiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yil Navro‘zni chinakam bayram sifatida keng nishonlash, yangi yilni, yangi dehqonchilik mavsumida ezgu niyatlar bilan boshlash ko‘zda tutilgan.