Go‘sht, tuxum, baliq, asalning iste’mol me’yori qancha? Bizda yetarli mahsulot ishlab chiqarilyaptimi?

Bugungi kunda viloyatda jami 1729 ta chorvachilik fermer xo‘jaligi bor. Shundan, qoramolchilikda 752 ta (137 ming bosh), qo‘ychilikda 223 ta (434,3 ming bosh), yilqichilikda 4 ta (8,5 ming bosh), parrandachilikda 211 ta (6,3 million bosh), baliqchilikda 468 ta, asalarichilikda 62 ta, quyonchilikda 19 ta (9 ming bosh) chorva hayvonlari va parrandalar parvarishlanib kelinmoqda.

Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Odilxon Baqoyev 2025 yil yakunlari va 2026 yilgi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bu haqda ma’lumot berdi.

Mas’ulning ta’kidlashicha, viloyatda qoramollar, qo‘y-echki, parrandalar bosh soni ko‘paygan, go‘sht ishlab chiqarish 332,8 ming tonnaga (102,2 foiz), sut 1 million 468,3 ming tonnaga (100,8 foiz), tuxum ishlab chiqarish 1 milliard 399,6 million donaga (102,2 foiz), baliq yetishtirish 20,5 ming tonna (99,5 foizga), asal yetishtirish 1,5 ming tonna (107,2 foizga)ga bajarilgan.

-  Dastur bo‘yicha chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida umumiy qiymati 400 milliard 897 million so‘mlik 85 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 379 milliard 803 million so‘m hisobiga 81 ta loyiha amalga oshirilib, 587 nafar yangi ish o‘rni yaratildi, - deydi O.Baqoyev - Jumladan, yo‘nalishlar kesimida oladigan bo‘lsak, qoramolchilik yo‘nalishida umumiy qiymati 93 milliard 880 million so‘m, mol bosh soni 3 ming 971 bosh bo‘lgan 36 ta loyiha hisobiga 225 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Qo‘y va echkichilik yo‘nalishida umumiy qiymati 24 milliard 223 million so‘m, qo‘y soni 7 ming 300 bosh bo‘lgan 7 ta loyiha hisobiga 30 ta ish o‘rni yaratildi. 

Shuningdek, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, sut va sut mahslotlarini qayta ishlash, omuxta yem ishlab chiqarish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan loyihalar natijasida mahsulotlar ko‘payib, 330 dan ziyod ish o‘rni yaratildi. 

Keltirilgan raqamlar barchasi joyidadek ko‘rinadi, lekin ushbu mahsulotlarning iste’mol me’yori qancha va talabga yetarli mahsulot ishlab chiqarilyaptimi?

-  Viloyatimizda bir yilda 187 ming tonna go‘shtga talab bor, bizda 225 ming tonna go‘sht ishlab chiqarilmoqda, - deydi O.Baqoyev. – Ya’ni, go‘shtga bo‘lgan talab 124 foizga bajarilmoqda. Ortgan qismi boshqa viloyatlarga sotilmoqda. Tuxum bo‘yicha 906 million donaga talab bor va bizda 1,5 million dona tuxum ishlab chiqarilib, iste’mol talabi 162 foizga bajarilyapti. Viloyat aholisining baliq mahsulotiga bo‘lgan talabi qariyb 31 ming tonnani tashkil etadi, lekin bizda 20 ming tonna (65 foiz) ishlab chiqarilmoqda. Bu turli ob’yektiv, sub’yektiv sabablar, suvga bo‘lgan talablar bilan bog‘liq. Asal bo‘yicha viloyatda 6500 tonna ehtiyoj bor, lekin bugungi kunda 3 ming tonna ishlab chiqarilmoqda.

***

P/s: Go‘sht ehtiyojimizdan ortiqcha ishlab chiqarilayotgan va yana kamiga import qilinayotgan bo‘lsa, nega unda go‘sht narxi doimiy oshib ketyapti?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.