Urgutda “Vatan ostonasi” festivali tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Ayni kunlarda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda yurtimiz bo‘ylab “Vatan ostonasi” festival tadbirlari, ijodiy uchrashuvlar tashkil etilyapti.

Mamlakatimizning chegaraoldi mahallalarida yashovchi yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat hamda an’analarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilayotgan shunday targ‘ibot tadbirlari Urgut tumanida ham bo‘lib o‘tdi. “Chep” mahalla fuqarolar yig‘inidagi amfiteatrda o‘tkazilgan tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, shoir va yozuvchilar, olimlar, san’atkorlar hamda chegaraoldi hudud aholisi va yoshlar ishtirok etdi. 

 - El ardog‘idagi teatr aktyorlarining mahallamizga kelib, aholi va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgani ularda katta taassurot qoldirdi, - deydi mahalla raisi Qaytmas Boboyev. - Yoshlar ongiga ta’sir qilishga urinayotgan turli yot g‘oyalarga qarshi kurashish, buning uchun vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi lozimligi xususida bildirilgan fikr-mulohazalari yoshlarda ijobiy xulosa chiqarishiga turtki bo‘ldi.

Tadbir doirasida tumandagi harbiy shaharchada harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan uchrashuv tashkil qilindi. “Oila – mustahkam qo‘rg‘on” mavzusidagi davra suhbatida ijodiy guruh a’zolari oilaga sadoqat, farzand tarbiyasida e’tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar xususida fikr yuritdilar. Harbiylarga badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.