Prokuratura tadbirkorlik rivojlanishi tarafdori

Viloyat prokuraturasi tomonidan tadbirkorlarga ko‘mak ko‘rsatish shtablari orqali joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik sub’yektlarining 1000 dan ortiq muammolari hal etilgan.

Jumladan, ularning 323 ta kredit, 14 ta yer, 8 ta bino ajratish, 464 ta kommunikatsiya tarmog‘iga ulanish, 19 ta litsenziya va ruxsatnoma rasmiylashtirish, 242 ta boshqa masalalarida amaliy yordam ko‘rsatilgan. Natijada, 895 ta tadbirkorlik sub’yektining faoliyati tiklanib, 2000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.


Bu haqda viloyat prokuraturasida OAV vakillari, blogerlar va tadbirkorlar ishtirokida tashkil etilgan seminarda viloyat prokurori o‘rinbosari J. Yuldashev ma’lumot berdi.

Misol uchun, Jomboy tumanidagi «ANISA FAYZ» MChJga yangi qurilgan bino-inshootlarini foydalanishga qabul qilish, «Amin Invest International» MChJga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 500 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratishga ko‘maklashish natijasida korxonalarning moliyaviy holati yaxshilanib, qo‘shimcha 300 ta ishchi o‘rni yaratilgan.

Samarqand tumanidagi «AMON-BOBO» fermer xo‘jaligining xomashyo yetishmasligi sababli faoliyati to‘xtab qolganligi aniqlanib, xomashyo sotib olish uchun 520 ming dollar miqdorida kredit ajratilishi ta’minlangan.

Tadbirkorlik sub’yektlariga elektr energiyasi yetkazib berishdagi asossiz uzilishlar o‘rganilib, 9 ta to‘qimachilik korxonasining elektr energiyasi uchun oldindan to‘langan 3,8 milliard so‘m to‘lovlari qaytarilishi ta’minlanib, korxonalar moliyaviy sog‘lomlashtirildi.

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan 27 ta sanoat korxonasi rahbarlariga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomalar bekor qilinib, 67 million so‘m ma’muriy jarimalar tadbirkorlik sub’yektlariga qaytarildi.

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan joriy yilning 9 oyida tadbirkorlik faoliyatini tekshirish tartibini buzish bilan bog‘liq 42 ta holat aniqlanib, 14 ta taqdimnoma kiritildi, 55 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, 800 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlarining buzilgan huquqlari tiklangan.

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 3 sentyabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yanada jadallashtirilib, qisqa muddat ichida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, birgina Urgut tumanida faoliyat olib borayotgan sanoat korxonalarining mavjud muammolari birma-bir o‘rganilganda, 30 ta tadbirkorning 35 ta muammosi borligi aniqlandi va bugungacha ularning 16 ta muammosi bartaraf qilindi.

Misol uchun, “Qahhor ota agro servis” MChJning tabiiy gaz va elektr energiyasiga ulanish, qurib bitkazilgan binosining kadastr hujjatlarini shakllantirish, bojxona omborida turgan mahsulotlarini realizatsiya qilishdagi muammolari bartaraf etilishi natijasida korxona faoliyati tiklanib, 250 nafar fuqaro ishga qabul qilindi. “Isnur Qutlan Tekstil” MChJga 200 ming AQSh dollari, “Farzona bonu Plast” hamda “Zeki Pack” MChJlarga 3 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilishi ta’minlandi. “Elit soft Produkt” MChJning kadastr hujjatini rasmiylashtirishdagi muammolari bartaraf etilib, 1,5 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratildi va 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Payariq tumanidagi “Sam Tech” MChJga Imom Buxoriy MFYda qurilgan ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismida tashkil etilgan umumiy ovqatlanish muassasasi va mehmonxonasining kadastr hujjati rasmiylashtirildi hamda faoliyatini kengaytirish uchun bankdan 3 milliard so‘m kredit ajratilishiga amaliy yordam berildi. Hozirda ushbu ob’yekt ishga tushirilib, mahalliy va xorijlik mehmonlarga xizmat qilmoqda.

Tumandagi “Aziz Ona Zulayho” MChJga “Navobod Naslli parranda” MChJ tomonidan 750 million so‘mlik tovuqxona binosi qurib berilishi natijasida 3 ta yangi ish o‘rni yaratilib, tadbirkor har oyda 15 million so‘m sof daromadga ega bo‘lmoqda.


O‘ktam Xudoyberdiyev.