Aviachipta uchun 250 000 dollar!
Bu erkak umrbod cheksiz parvoz qilish imkonini beruvchi chipta sotib olgandi, 20 yil o‘tgach, u yoqimsiz bir holatga duch keldi.
1987 yilda “American Airlines” aviakompaniyasi umrbod va cheksiz parvoz qilish imkonini beruvchi chiptalarni chegirma bilan xarid qilish mumkin bo‘lgan «AAirpass» a’zolik dasturini e’lon qildi.
Bu taklifdan bor-yo‘g‘i bir necha kishi, jumladan, Stiven Rotshteyn ismli ashaddiy sayohatchi foydalandi. Birja brokeri kasbini olgan Rotshteyn reyslardagi birinchi klassda cheksiz parvoz qilish maqsadida ushbu chiptani o‘ziga xos foydali sarmoya hisoblab, uni 250 000 AQSh dollariga xarid qildi.
Sanoqsiz mamlakatlarga tashrif buyurish va turli madaniyatlar bilan yaqindan tanishish imkonini qo‘lga kiritgan Rotshteyn keyingi yigirma yil davomida 10 mingdan ortiq parvozni amalga oshirib, chinakam “uchar inson”ga aylandi. Eng sevimli yo‘nalishi Parij shahriga Stiven ko‘pincha nonushta, tushlik yoki kechki ovqat qilish uchun uchib borar va o‘sha kunning o‘zida AQShga yo‘l olar edi.

Kunlarning birida Stiven Rotshteyn chiptasi bekor qilinganini bilib qoldi.
Nega bunday bo‘ldi?
Dastlab “American Airlines” hatto eng badavlat inson ham taxminan 20 yil davomida bepul uchgan taqdirda aviakompaniya baribir foyda ko‘rishiga amin edi. Ular bu mijoz "cheksiz" so‘zini so‘zma-so‘z tushunib, bor-yo‘g‘i yigirma yil ichida 10 mingdan ortiq parvoz qilishga qaror qilganini oldindan ko‘ra bilmagan edi-da. Aviakompaniya Stiven sayohatlari bo‘yicha ma’lumotlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi va uning havo qatnovlariga 20 million dollardan ortiq mablag‘ sarflaganini aniqladi.

Moliyaviy yo‘qotishlar va sudlardagi ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida aviakompaniya Rotshteynga ushbu chiptadan voz kechishi evaziga 400 000 dollar taklif qilib ko‘rdi, biroq u rozi bo‘lmadi.
2008 yilda Bosniyaga safarga otlanayotgan paytida aeroportda unga firibgarlik harakatlari tufayli chipta bekor qilingani aytildi.
- O‘zimni xo‘rlangan, aldangan va xiyonatga uchragandek his qilyapman. Ular mening sevimli mashg‘ulotimni, hayotimni tortib olishdi, mening shaxsiyatimni barbod qilishdi. Biz o‘zlari istagan ishni qila oladigan ulkan kuchga ega yirik korporatsiyalar asirimiz. Ular bilan kurashish nihoyatda qiyin, - dedi o‘shanda Rotshteyn bergan intervyusida.
- Axir ular shartnoma imzolagan edi — shartnoma esa shartnomadir, endi meni firibgarlikda ayblashayapti, shartlar buzildi, holbuki, hujjatda men buzishim mumkin bo‘lgan hech qanday sabab yo‘q edi, - qo‘shib qo‘ydi u.
Rotshteyn aviakompaniyani sudga berdi. Sud jarayoni bir necha yilga cho‘zilib ketdi. 2012 yilda «American Airlines” kompaniyasi bankrotlik to‘g‘risida ariza topshirganida sud ishi to‘xtatib qo‘yildi. 2013 yilda aviakompaniya bankrotlik holatidan “suvdan quruq” chiqdi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham Rotshteyn o‘z xarajatlarini ortig‘i bilan qoplab oldi. U nafaqat unutilmas sayohat taassurotlariga ega bo‘ldi, balki har bir parvoz uchun alohida chipta sotib olishga hojat qoldirmay, katta miqdordagi mablag‘ini ham tejab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.