Bulung‘urda xotin-qizlar manfaatiga xizmat qiluvchi markazlar ochildi
Bulung‘ur tumanida oila va xotin-qizlar bo‘limi qoshida “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi”, “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi” hamda “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazining ijtimoiy moslashuv maslahat xonasi” tashkil etildi.
– Bugun yoshlarni oilaga tayyorlash, xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash oldimizda turgan muhim vazifalardan hisoblanadi, – deydi Bulung‘ur tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i N.Mamadiyorova. – Yangi tashkil etilgan qo‘mitamiz vazifa va maqsadlarini belgilashda bunga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki bugun ayrim oilalardagi notinchiliklar, ajrim va boshqa noxush holatlar ana shu yo‘analishlardagi ishlarning yetarli darajada olib borilmagan oqibatida kelib chiqmoqda. Shu sababli bo‘lim qoshida uchta markaz tashkil etdik va ularning doimiy faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaymiz. Har bir markazga eng malakali mutaxassislarni ishga taklif qildik.
Markazlarning ochilishida mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi mas’ulari, tuman sektorlari rahbarlari va faollari ishtirok etdi. Ular markazlar faoliyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng, oila qurish arafasida turgan yoshlarga maxsus o‘quv kurslarni, shuningdek, bir guruh xotin-qizlarga “Biznes bilan tanishuv va tadbirkorlik faoliyatni boshlash” kursini tamomlaganligi to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi.
G‘.HASANOV.