SSV: Bir qator viloyatlarda sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, vazirlikda tizimdagi muhim masalalarga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Ta’kidlanganishicha, keyingi yillarda mamlakatimiz tibbiyot tizimida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, sohada byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaviy holatlar uchrab turibdi. Aholi tomonidan bo‘layotgan murojaatlarning aksariyat qismini tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar tashkil etmoqda.
Qolaversa, joylarda tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish, onalar va bolalar salomatligini asrash, bemorlarga davolanish uchun imtiyozli yo‘llanmalar ajratish borasida ko‘plab korrupsion holatlar kuzatilmoqda.
Bularning aksariyati joylardagi sog‘liqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida faoliyat olib borayotgan mas’ullar tomonidan muammoli masalalarga o‘z vaqtida e’tibor qaratilmayotgani va uning yechimiga yetarli darajada yondashilmayotgani bilan bog‘liq.
Yig‘ilishda bu haqda so‘z yuritilar ekan, tahlillar asnosida joylardagi ayrim rahbarlar belgilangan topshiriqlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish borasida zarur choralar ko‘rilmayotgani jiddiy tanqid ostiga olingan.
“Shularni inobatga olib, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashmaganligi bois vazirlik va qator viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi”, deyiladi vazirlik xabarida.