Tibbiyot xodimlarining xorijda malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish tartibi qanday?
Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan tartibga asosan:
Xodimlarni xorijda malaka oshirish (stajirovka o‘tash) va qayta tayyorlash ta’lim dasturlari bo‘yicha yuborish xizmat safariga tenglashtiriladi.
Mutaxassislarni yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va markazlarida o‘qitishga yuborish uchun sohalar bo‘yicha hududlar kesimida ustuvor yo‘nalishlar o‘rganiladi va amaliyotga tatbiq etilishi zarur bo‘lgan yangi davolash-diagnostika uslublari hamda zamonaviy fan-texnika yutuqlari ro‘yxati tuziladi.
Bu ro‘yxat har yili 15 oktyabrga qadar Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga taqdim etiladi hamda Ishchi organ uni onlayn platformaga 25 oktyabrga qadar joylaydi.
Tanlov haqida vazirlikning rasmiy axborot kanallarida e’lon qilingach, nomzodlar sohalar hamda hududlar kesimida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tibtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali elektron shakldagi so‘rovnomani to‘ldiradi.
So‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
✔️talabgorning ish staji, oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarida o‘qiganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomalari;
✔️tibbiy yoki farmatsevtik ma’lumoti (oliy, o‘rta maxsus, internatura, klinik ordinatura, magistratura, ilmiy daraja, qayta tayyorlash) to‘g‘risidagi diplom (hujjat) va/yoki xorijiy ta’lim tashkilotida olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom yoxud oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (O‘zbekiston Respublikasida tan olinganligi to‘g‘risidagi) ma’lumotlari;
✔️til bilish sertifikati (mavjud bo‘lsa);
✔️malaka oshirish, qayta tayyorlashga o‘qishga qabul qilishga tayyor xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasasi yoki tibbiyot markazi taqdim etgan hujjat (rasmiy xat yoki boshqa hujjat);
✔️xorijda malaka oshirish, qayta tayyorlashga o‘qishga borishdan maqsad, o‘qish rejasi, vatanga qaytib kelgach olingan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotga tatbiq etish rejalari aks etgan insho (esse);
✔️oxirgi 2 yil ichida Davlat byudjeti hisobidan xorijda malaka oshirmaganligi haqida nomzodning tilxati.
Mutaxassislarni o‘qishga yuborish uchun yiliga kamida ikki marta vazirlikning veb-saytida tanlov e’lon qilinadi, so‘ng hujjat topshirish uchun kamida bir oy muddat beriladi.
Arizalar 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqish uchun attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
Tanlov natijalari mas’ul tashkilotlarning veb-saytida joylashtiriladi.
Ta’lim dasturi tugallanganidan so‘ng nomzodlar ta’lim dasturidagi adabiyotlar va tarqatma materiallarning elektron shaklini taqdim etadi va ular tibbiyot xodimlari foydalanishi uchun vazirlikning elektron kutubxonasiga joylashtiriladi.
Nomzodga mutaxassisligi bo‘yicha quyidagi:
a) malaka oshirish ta’lim dasturi bo‘yicha – 3 yildan kam bo‘lmagan;
b) qayta tayyorlash ta’lim dasturi bo‘yicha – 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda to‘liq bandlik asosida uzluksiz davlat tibbiyot muassasasida ishlab berish majburiyati yuklanadi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.