Prokuror – davlat xizmatchisi. Bu lavozim dastlab qirol «ko‘zlari» bo‘lgan
Keyingi 2-3 yilda davlat xizmati va xizmatchisi atamalari kundalik hayotimizda tez-tez qo‘llanilmoqda. Mohiyatan davlat xizmati faoliyat yo‘nalishlariga ko‘ra farqlanadi. O‘z navbatida mazmuni, uni qo‘llash sohasi, shakli va uslublari bo‘yicha turlarga bo‘linadi.
Xususan, bugun biz so‘z yuritmoqchi bo‘lganimiz yuridik faoliyat turlariga:
a) odil sudlov;
b) prokuror nazorati;
v) jinoyatlarni tergov qilish;
g) fuqarolar va tashkilotlarga yuridik yordam ko‘rsatish (advokatlik faoliyati);
d) notarial harakatlarni amalga oshirish;
y) davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda huquqiy ishlar kiradi.
G‘amxo‘rlik qiluvchimi?
Vikipediyaning o‘zbekcha platformasida prokuror so‘zi g‘amxo‘rlik qiluvchi ma’nosiga egaligi qayd qilingan. Rus bo‘limida bu termin boshqaruvchi degan ma’nodagi lotincha so‘zligi yozilgan.
Umumiy ma’lumot shuki, prokuratura birinchi marta 1302 yilda Fransiyada monarx manfaatlarini ifodalovchi organ sifatida tashkil etilgan. Prokuror qirolning «ko‘zlari» bo‘lib, uning yordami bilan u davlatni butun mexanizmining ishlashini nazorat qilishi mumkin edi.
Zamonaviy dunyoning barcha davlatlari muhim tashkiloti bo‘lgan prokuratura ilk mazmunini deyarli yo‘qotmagan. Xususan, ayrim mamlakatlarda jinoiy ishlarni qo‘zg‘atish, ayblovni yoqlash, sud protsessida davlat manfaatlarini himoya qilish vakolatlari yuklatilgan maxsus davlat organi.
Bir qancha mamlakatlarda prokuraturaga barcha fuqarolar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning qonunlarni aniq va bir xilda bajarishi ustidan nazorat qilish vazifasi ham kiradi. Yana ayrim davlatlarda esa prokuratura sudning tarkibiy qismi hisoblanadi, boshqalarida esa tashkiliy jihatdan undan ajratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi - O‘zbekiston hududida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlari ijrosini nazorat etuvchi organlar tizimi.
Prokuratura organlarining yagona markazlashtirilgan tizimiga O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori boshchilik qiladi.
Bosh prokuror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan lavozimiga tayinlanadi, lavozimidan ozod etiladi. Bunday farmonlar Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlanadi.
Prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradilar. Prokurorlar o‘z vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi boshqa jamoat birlashmalariga a’zolikni to‘xtatib turadi.
Darvoqe, bu organ xodimlariga ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
Kasb bayrami
8 yanvar O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni. 2016 yil 19 dekabrda qabul qilingan qonunda shunday qarorga kelingan.
Nega aynan shu sana?
Sabab shuki, 1992 yil 8 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan sobiq Ittifoq qaramog‘idagi O‘zbekiston SSR prokuraturasi mustaqil O‘zbekiston prokuraturasiga aylantirilgan.
Demak, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi tashkil etilganiga 32 yil to‘ldi. Tizim xodimlariga qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishdan iborat asosiy vazifalarini bajarishda muvaffaqiyat tilaymiz!
Shu o‘rinda qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul idoraning viloyatdagi faoliyatidan ayrim misollarni qayd etishni lozim topdik.
Energiya resurslari hisobli
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumida aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash borasida nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali va uning tizimidagi korxonalar tomonidan iste’molchilarga 1185,2 million kub metr, shundan aholi iste’moli uchun 702 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. 818 ta mahalladagi 496 ming aholiga va 427 ta ijtimoiy soha ob’yektiga 75382 tonna suyultirilgan gaz ballonlarda gaz tarqatilgan. Maishiy gaz ballonlarga ehtiyoji bor xonadonlarga 7797 dona suyultirilgan gaz ballonlar berilgan.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Samarqand hududiy filiali va uning tizimidagi korxonalar tomonidan iste’molchilarga 4.4 milliard kVt.s., shundan aholi iste’moli uchun 1,7 milliard kVt.s. elektr energiyasi yetkazib berilgan.
Yil davomida yoqilg‘i energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish yuzasidan 11671 ta reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Tadbirlarda 4414 ta (tabiiy gazdan 773 ta, elektr energiyasidan 3641 ta) energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
Holatlar bo‘yicha 2696 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 125 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, aniqlangan zararning 37,3 milliard so‘mi undirilgan.
Agrar sohada nazorat
O‘tgan yili dehqon, fermer xo‘jaliklari hamda klaster korxonalarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ularga 4649 gektar yer maydoni ajratilishida, 3127 tonna mineral o‘g‘it, 296 tonna yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, 11 tonna urug‘lik chigit va 1124 tonna bug‘doy, 10 quti ipak qurti, 2 million so‘mlik ehtiyot qismlari, 43,4 milliard so‘mlik bank krediti ajratilishi, 17 dona texnika, 180 million so‘m naqd pul mablag‘lari olib berilishi, 109 million so‘mlik ish haqlari, 1,5 milliard so‘mlik debitor qarzlarni undirilishi hamda 1 nafariga davlat ro‘yxatidan o‘tib, hisob raqam ochilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Davlat rahbarining tegishli qarorlariga muvofiq, fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishdagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan, aholiga uzoq bo‘lmagan hududlardan 2023 yilda 7586 gektar ekin maydonlari ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilishi rejalashtirilgan.
Tanlovga chiqarilgan 7496 gektar yer maydonlari bo‘yicha g‘olib aniqlanib, ekin maydonlari o‘lchab berilgan. Shundan 7486 gektar yer uchastkalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
“Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 42 nafar mas’ul ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortilgan. 105 nafar mansabdor shaxs ogohlantirilgan, 21 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘rganishlar va ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha 27,2 milliard so‘m, shundan Ishtixon tumanida 110 million, Paxtachi tumanida 890 million, Kattaqo‘rg‘on tumanida 1,9 milliard va Payariq tumanida 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ta’minlangan.
Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 27 nafar mansabdor shaxs ogohlantirilib, 23 nafar shaxs intizomiy, 22 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Yoqubjon MARQAYeV tayyorladi.