O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tajriba almashadi
Joriy yilning 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiya Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan MDH mamlakatlari Bosh prokurorlarining Muvofiqlashtiruvchi kengashining 31-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokurorlarining ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va unda tomonlar bir qator masalalar, jumladan, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar. Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga ikki davlat chegaradosh hududlari prokurorlarining uchrashuvlarini o‘tkazib turish bo‘yicha taklif bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturi imzolandi. Ushbu hujjat 2006 yil 3 oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan ikki davlat Bosh prokuraturalari o‘rtasida huquqiy yordam va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim qoidalarining amaliy ijrosini ta’minlashga hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tajriba almashishga xizmat qiladi.