Vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan 18 nafar prokuratura xodimiga intizomiy jazo qo‘llanildi
2021 yil 18 noyabr kuni Bosh prokuraturada kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda ko‘rsatib o‘tilgan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlar tomonidan o‘z xizmat burchiga mas’uliyat, sadoqat va halollik bilan yondashishlarini hamda har qanday qonun buzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasiz kurashishlarini ta’minlash borasida zarur chora - tadbirlar belgilandi.
Qayd etilishicha, videoselektor tarzida o‘tkazilgan majlisda prokuratura organlarining barcha tezkor xodimlari, prokuratura faxriylari hamda jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etgan.
Yig‘ilishda prokuratura organlarining ba’zi xodimlari tomonidan sodir etilgan nojo‘ya va nomunosib xatti-harakatlar, shu jumladan korrupsiyaviy holatlar hamda bularga imkon bergan sabab va shart-sharoitlar keskin tanqid qilingan.
Viloyat, tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning, departament va Byuro rahbarlarining hisobotlari, tushuntirish va izohlari eshitilgan.
Muhokama natijasiga ko‘ra, faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgan 18 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, xodimlar mas’uliyatini tubdan oshirish, prokuratura xodimi degan nomga dog‘ tushiruvchi nojo‘ya xatti–harakatlar sodir etmasliklari haqida qat’iy ogohlantirilgan.