Xitoy va KXDR yetakchilari nimalarni imzoladi?

Xitoy raisi Si Szinpin dushanba kuni Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, ikki mamlakat o‘rtasidagi «yengilmas do‘stlik» haqida bayonot berdi.

Bu uning joriy yildagi birinchi xorijiy safari bo‘lib, Pekinda o‘tkazilgan yirik xalqaro sammitlardan keyin amalga oshirildi. Shuningdek, bu Si Szinpinning 2019 yildan buyon Pxenyanga qilgan ilk tashrifidir.Si Szinpinning Shimoliy Koreyaga tashrifi uning yaqinda Pekinda AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazgan uchrashuvlaridan so‘ng amalga oshirilmoqda.

Kutilishicha, Si Szinpin va Kim Chen In ikki kunlik muzokaralar davomida muhokama qiladigan masalalardan biri KXDRning yadroviy qurolsizlanishi bo‘ladi. Vashington aynan shu masalada Xitoy rahbaridan muayyan qadamlar kutayotgani aytilmoqda.
Si Szinpinning Pxenyanga tashrifidan bir kun oldin Kim Chen Inning singlisi va KXDRda katta ta’sir kuchiga ega Kim Yo Chjon Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi «chekinish mumkin bo‘lmagan marra» ekanini ma’lum qildi.

Ko‘rinishidan, Pekin bu jarayonga faol to‘sqinlik qilish niyatida emas.
Xullas, KXDR rahbari Kim Chen In va Xitoy raisi Si Szinpin Pxenyanda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va ikki davlat o‘rtasidagi strategik muvofiqlashtirishni mustahkamlashga kelishib oldi.

Kim Chen In Si Szinpinning tashrifi Pxenyan va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajada ekanini ko‘rsatishi hamda tomonlarning an’anaviy do‘stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishini tasdiqlashini ta’kidladi. Shuningdek, u KXDRning «yagona Xitoy» tamoyiliga sodiqligini va Pekin bilan hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, Si Szinpin Shimoliy Koreyaning erishgan yutuqlarini yuqori baholadi hamda Xitoyning ikki davlat o‘rtasidagi an’anaviy aloqalarni mustahkamlash borasidagi o‘zgarmas pozitsiyasini tasdiqladi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnomaning 65 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbirlarini o‘tkazishga kelishib oldi.