8 yanvar - Prokuratura xodimlari kuni
Samarqand viloyati prokuraturasi o‘z faoliyatini 1938 yilda boshlagan. O‘sha davrda 3 ta - maxsus ishlar va militsiya organlari, tergov va qamoqxonalarni hamda sudlar ustidan nazorat qilish bo‘limlarida 8 nafar xodim faoliyat olib borgan.
Katta avlod vakillari yaxshi eslaydi: ilgari asosiy ish quroli yozuv mashinkalari bo‘lgan. Bir necha o‘nlab jild bo‘lib ketadigan jinoyat ishlari va boshqa ish materiallarini yozish uchun tunlar tongga ulangan. Shu ma’noda hayotimizga kompyuter texnikalari kirib kelganda eng ko‘p xursand bo‘lgan prokuratura xodimlari bo‘lsa kerak.
Ilgari aksariyat tuman-shahar prokuraturalari moslashtirilgan binolarda ish yuritardi. Chetdan kelgan xodimlar har kim o‘zi ijara kvartira topib joylashgan.
Bu borada keyingi yillarda katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Misol uchun, 2018 yilda viloyat prokuraturasiga qo‘shimcha binolar qurilib, atrofi obodonlashtirildi. Xodimlar uchun barcha qulayliklarga ega sport zali, oshxona, katta va kichik majlislar zallari ishga tushirildi.
2014 yildan buyon Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on shahar, Urgut, Toyloq, Samarqand, Nurobod, Ishtixon, Narpay, Bulung‘ur, Jomboy va Qo‘shrabot tuman prokuraturalari barcha qulayliklarga ega yangi zamonaviy binolarga ega bo‘ldi.
Payariq va Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturalarining binolari kapital ta’mirlandi.
Ularda har bir xodimga vazifasiga mos sharoitli alohida xonalar bor. Uzoqdan kelib ishlovchilar uchun shinam mehmonxonalar mavjud.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda qonuniylikni mustahkamlash, barcha islohotlar, shu jumladan, davlat dasturlari ijrosini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 6945 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi va shu asosda qariyb 2 mingdan ortiq shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi. Protest keltirish yo‘li bilan mansabdor shaxslarning 2367 ta noqonuniy hujjatlari qonunlarga muvofiqlashtirildi. 3364 nafar mansabdor shaxslar intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar va jinoyatlarni tergov qilish jarayonida 25 milliard so‘mdan ortiq zararning undirilishi ta’minlangan.
Prokurorlar sektorida “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 18907 nafar yigit-qizlardan 18 687 nafarining muammolari hal etilib, "daftar"dan chiqarilgan.
"Ayollar daftari" ro‘yxatiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 19267 nafar xotin-qizning barcha muammolari ijobiy yechim topgan.
Shu o‘rinda yana bir gap. Prokuratura organlari korrupsiyaga qarshi kurashning eng oldingi saflarida turadi. Birovga aql o‘rgatish uchun, avvalo, ibrat bo‘lish lozim. Shu bois, bugungi kunda tizimda xodimlarning eng birlamchi muammolarini hal etishga katta e’tibor berilyapti. Misol uchun, yosh xodimlarga uy, avtomashina olishida imtiyozli kreditlar ajratilyapti. Yaxshi natijaga erishgan xodimlar ham ma’naviy, ham moddiy rag‘batlantirilib borilmoqda.