Prokuror o‘rinbosari fermerdan 10 ming dollar talab qildi
Samarqand viloyatidagi tuman prokurorlaridan birining o‘rinbosari moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida, mahalliy fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan sud tomonidan tayinlangan 3 yil ozodlikni cheklash jazosini boshqa og‘irroq jazo turiga o‘zgartirish uchun protest kiritib, sudning apellyasiya bosqichi jarayonida hukmni o‘z kuchida qoldirish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu so‘ralgan pulni prokuror o‘rinbosarining topshirig‘iga ko‘ra, uning vositachisi olgan vaqtida ushlandi.
Tuman prokurori o‘rinbosarining bu ishga aloqadorligi uning vositachisi bergan ko‘rsatma hamda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida to‘plangan ashyoviy dalillar asosida to‘liq tasdig‘ini topdi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.