Kasaba uyushmalari va yoshlar: ishonch, tashabbus, hamjihatlik

O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda “11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi kasaba uyushmalari tizimi va yoshlar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish, yosh avlodni kasaba uyushmalari faoliyati hamda ularning vazifalari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda kengash raisi Suhrob Rafiqov kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik tarixi, ularning xodimlar manfaatlarini himoya qilishdagi roli va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishdagi faoliyati, shuningdek, kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan turli loyihalar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.

Muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, fikr va takliflarini bildirdilar. Ular ta’lim jarayonida ijtimoiy himoya masalalari, yoshlar bandligini ta’minlash hamda kasaba uyushmalari faoliyatida yoshlarning ishtirokiga oid dolzarb mavzularni muhokama qildi.

Tadbir yakunida bir guruh xodimlar va talaba-yoshlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari hamda Jizzax viloyatining Zomin tumaniga ikki kunlik bepul sayohatda ishtirok etish uchun sertifikatlar topshirildi.