2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi: Tuman, shahar hokimlarini deputatlar saylaydi

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tuman, shahar hokimlari viloyat, Toshkent shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Qarorlar tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Endi hokim lavozimiga nomzod ilgari surilishi tartibi qayta ko‘rib chiqiladi.

Yangi tartib joriy qilinsa, hokimlikka nomzod mahalliy Kengashda hududni rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini himoya qiladi. Bu borada joriy yilning mart oyigacha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Mazkur masala ayni paytda jamoatchilik muhokamasida bo‘lgan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan.

Loyihaga ko‘ra, endi mahalliy hokimliklarning har bir vazifa ijrosi, sarflanayotgan mablag‘lar yuzasidan jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshiriladi.

Shuningdek, mahalliy Kengashlar hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida kamida 2-3 nafar deputat doimiy asosda ishlaydigan tartib joriy etiladi.

Ichimlik va oqova suv, ichki yo‘llar, boshqa infratuzilma ob’yektlarini qurish dasturlarini tasdiqlash ham xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari vakolatiga o‘tkaziladi.

Umuman, mazkur tartib joriy etilsa fuqarolarning jamiyat hayoti va boshqarishdagi ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Misol uchun, fuqarolar davlat organlariga videoaloqa orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda maxsus platforma yaratilib, Xalq qabulxonalarining mahallalar bilan samarali aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.

Kelgusida fuqarolarning kamida uchdan bir qismi tashabbusi bilan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish tartibi joriy etiladi.

Yana bir yangilik, mahallalar tomonidan hal qilinadigan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning ro‘yxatini tuzish amaliyotini yo‘lga qo‘yilishidir. Buning uchun mahallaning alohida jamg‘armasini tashkil etish va uni shakllantirish manbalarini belgilash choralari ko‘rilyapti.