Deputat daxlsizlik huquqiga ega: Bu unga xalq manfaati yo‘lida dadil harakat qilishi uchun berilgan
Alisher Hamrayev – Oliy Majlisning dangal gapiradigan kam sonli deputatlaridan biri. Prezidentlik boshqaruvining dastlabki davrida Sh.Mirziyoyev ham Parlament deputatlari bilan uchrashganda R.Kusherbayev, Sh.Polvonov bilan birga uni ham alohida e’tirof etgandi.
Samarqandlik saylovchilarga begona bo‘lmagan A.Hamrayev bungacha viloyat sudi raisining o‘rinbosari bo‘lgan. U bilan suhbatimiz asosan kutilayotgan yangiliklar haqida bo‘ldi.
- Alisher aka, suhbatimiz avvalida siz saylangan hududda aralashuvingiz bilan saylovchilarni qiynab kelayotgan qaysi muammolar hal bo‘lgani haqida aytib bersangiz.
- Parlament quyi palatasida ikkinchi chaqiriq ishlayapman. Buni ta’kidlashimdan maqsad
shuki, saylovchilarimni qiynagan va baholiqudrat harakatlarim bilan hal bo‘lgan masalalarni aytib o‘tsam, maqtangandek bo‘laman. Zotan, hal etilgan muammolar kam emas. Ammo deputatning faoliyatiga faqat uning aralashuvi tufayli hal etilgan masalalar soni bilan baho berilsa, bir tomonlama va noxolis bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Albatta, deputatda xalqning og‘irini yengil qilish uchun imkoniyatlar (richag) bor. Masalan, ijro etuvchi hokimiyat tizimiga deputat so‘rovi yuborish, shahar, tuman va viloyat Kengashlarida hamda Oliy Majlisda u yoki bu masalaga xalq vakili yoxud siyosatchi sifatida davlat boshqaruvi tizimi, jamoatchilikning e’tiborini qaratish va hokazo. Ammo Parlament quyi palatasi deputati avvalo, qonun chiqaruvchi hokimiyat vakili. U qonunlar bilan ishlashi va har yili eng muhim qonun qabul qilinayotganda, ya’ni byudjet qabul qilinayotganda shu qonunga saylovchilar va xalqning muammolari yechimi nuqtai nazaridan qarashi lozim.
Saylovchilarim muammolarining yechimi asosan mablag‘ bilan bog‘liq. Mablag‘lar ajratilsa, odamlarni qiynab kelayotgan masalalar hal bo‘ladi. Deputat sifatida byudjet va uning qabul qilinishi jarayonini yaxshi bilaman, deb o‘ylayman.
Yana bir holatni alohida ta’kidlashim lozim. Saylov okrugimdagi ijro hokimiyati bilan ham yaxshi hamkorlik o‘rnatishga harakat qilaman. Zotan, “Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa, dong‘i chiqmas”, deb bejiz aytmagan.
- Lekin ayrim xalq noiblari faoliyatidagi sustkashlikni ularga bo‘layotgan bosimlarning oqibati, deyishadi. Tajribali deputat sifatida aytingchi, vakillik organi a’zolari qanday bosimlarga uchrashi mumkin?
- Savolga aytganingizdek, faoliyatimdan kelib chiqib javob berishga harakat qilaman. Chunki men hech qachon bosim o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymayman. Ya’ni, hamma vaqt o‘z pozitsiyamni avvalo, chuqur o‘ylab, aniqlab olaman va uni dadil himoya qilishga harakat qilaman.
Aslida har qanday davlat xizmatchisiga ta’sir qiluvchi kuchlar bor. Bu tabiiy jarayon. Lekin deputatni hech kim majburlamaydi va majburlay olmaydi. Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tish lozim, deputat(lar) daxlsizlik huquqiga ega. Aslida shuning o‘zi unga qanchalik katta vakolat berilgani va ayni damda mas’uliyat yuklanganini anglatadi. Boshqacha aytganda, xalq vakili bosim o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymasligi uchun yetarlicha huquqqa ega.
Keling, shu masalani yana bir boshqa rakursdan qarab ko‘ramiz. Qonunchilik palatasi deputati bungacha muayyan lavozim yoki vazifada ishlagan. Uning vakolat muddati tugagandan keyin o‘sha lavozimiga tiklanishi, agar bunday joy bo‘lmasa, shunga tenglashtirilgan lavozimga qo‘yilishi shart.
- Alisher aka, bilishimizcha, siz Konstitutsion komissiyaga a’zosiz, kiritilayotgan qaysi o‘zgartish va qo‘shimchalarni alohida ahamiyatli, deb hisoblaysiz? Nima uchun?
- Yo‘q, Konstitutsion komissiya a’zosi emasman. Komissiya tarkibiga nega meni kiritishmadi, hozirgacha tushunmayman. Birinchi mutaxassisligim bo‘yicha filolog, ya’ni tilchiman, maktabda o‘qituvchilik qilganman, so‘z va jumlalar bilan ishlay olaman. Ikkinchi mutaxassisligim bo‘yicha huquqshunosman, viloyat hokimligi tizimida yurist, Adliya vazirligi tizimida bosh maslahatchi va sudya bo‘lib faoliyat ko‘rsatganman.
Kimgadir qaysi gapim yoqmagan bo‘lsa, ajabmas. Kishi o‘z nuqtai nazarida qancha qat’iy bo‘lsa va uni himoya qilsa, atrofida uni xush ko‘rmaydigan kishilar ko‘payib boraveradi. Davlat xizmatchisi uchun bu odatiy hol.
Ammo Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha e’lon qilingan g‘oya va normalarning aksariyatini qo‘llab-quvvatlayman. Senat va Qonunchilik palatasining vakolatlarini kengaytirishga doir normalar meni yanada ruhlantiradi. Chunki ayni paytda bizda ijro hokimiyati boshqa hokimiyatlarga nisbatan juda kuchli. Aslida davlat boshqaruvidagi ko‘plab muammolar shundan.
Konstitutsion o‘zgartirishlar natijasida qonun chiqaruvchi hokimiyatning vakolatlarini kengaytirish va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash orqali hokimiyatlar o‘rtasidagi bir-birini tiyib turish mexanizmi ishga tushadi. Natijada xalq manfaati yoqlanadi. Albatta, bu islohot jarayoni qattiq mehnat va vaqtni talab qiladi.
- Ayrim hollarda hamkasblaringiz, ya’ni deputatlardan ham noliganingizni kuzatganmiz. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar kuchli Parlamentni, kuchli mahalliy Kengashlarni, umuman, zamonaviy qonun chiqaruvchi va vakillik organlarini shakllantirishga xizmat qilishi mumkinmi?
- Agar loyihaga kiritilgan ayrim moddalar qabul qilinsa, ha, xizmat qilishi kerak. Lekin ta’kidlash lozimki, kuchli Kengashlar hamda kuchli qonun chiqa-ruvchi hokimiyatning paydo bo‘lishi birgina Konstitutsiya normalariga bog‘liq emas. Chunki amaldagi Bosh qomusimizda demokratiya cho‘qqisiga yetgan, deb hisoblanadigan davlatlarni ham o‘zining xalqchilligi bilan hayratga soladigan normalarimiz bor. Ammo shu normalarda bayon etilgan sohalar gullab-yashnab ketmadi-ku?!
Demak, qabul qilinayotgan normalar jamiyatda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish
va rivojlantirishning bir usuli. Siz aytgan holat yuzaga kelishi uchun qulay shart-sharoit va bitta usulni emas, taraqqiyot va rivojlanish maqsadida boshqa usullar-ni qo‘llashga o‘zida kuch topadigan jamiyat ham kerak.
- Aslida, quyi palata deputatlari qonun ijodkorligida norma yaratish, qonunchilikka o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritishda saylovchilarning talab va istaklari, orzu-o‘ylaridan kelib chiqadi. Shu ma’noda saylovchilaringiz uchun manfaatli bo‘lgan qanday tashabbus yoki takliflarni ilgari surganingiz va natijalari haqida aytib bersangiz.
- O‘rni kelganda aytish kerakki, deputatga nisbatan saylovchilarning munosabatini biroz o‘zgartirish lozim. Bilasiz, vakillik organiga saylangan shaxs bu gaz tortib beradigan yoki elektr muammosini hal qiluvchi davlat xodimi emas. Bunday masalalar ijro etuvchi hokimiyatning funksiya va vazifalari sirasiga kiradi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tdim, u Qonunchilik patalasidami yoki mahalliy Kengashda bo‘ladimi, deputatning asosiy ishi - bu byudjetni qabul qilish va qabul qilinayotganda nafaqat o‘z saylovchilari, balki xalq manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilishdir.
Toyloq saylov okrugidan saylanganman. Faoliyatim boshida saylovchilarim bilan uchrashuvlarda asosan maktab va bolalar bog‘chalari ta’miri va qurilishi, elektr tarmog‘i eskirib ketganligi masalasi, ichimlik suvi va ichki yo‘llar ta’miri, qishloq vrachlik punktlarining qurilishi va ta’mirlanishiga aloqador muammolar ko‘tarilar edi. Xabaringiz bor, bular asosiy muammolar. Bilasizmi, yildan-yilga saylovchilar bilan uchrashuvda bu muammolarning ko‘tarilishi kamayib bordi. Demak, muammolar o‘z yechimini topmoqda. Ammo xalqni eshitishdan va muammolarni bosqichma-bosqich hal etishdan to‘xtamasligimiz kerak.
- Qonunlar haqida gap ketganda uni takomillashtirishdan ko‘ra, mavjud normalarning ijro etilishi muhim, degan gap bor. Bu tabiiyki, deputatlarga ko‘proq mas’uliyat yuklaydi. Ammo shuncha aytilishiga qaramasdan, joylarda ijro hokimiyati rahbarlari uni nazorat qiluvchi organga ham rahbarlikda davom etmoqda. Bu holatga qanday qaraysiz?
- Yaxshi savol. Tuman, shahar va viloyatlarda hokimlar tegishli Kengashlar raisi hisoblanadi. Bu holat hozirgi davrda ijro etuvchi hokimiyat tizimida turg‘unlikka sabab bo‘lmoqda. To‘g‘ri, respublikamiz yosh davlat sifatida oyoqqa turayotgan paytlarda bu o‘zini oqlagan. Chunki o‘sha davrda kuchli ijro hokimiyati kerak edi. Lekin endi zamon o‘zgardi, qolgan ikki hokimiyat o‘z huquq va vakolatlarini talab qilmoqda. Fuqarolarimiz mustaqillikning dastlabki yillarida davlatchiligimizni saqlab qolish, siyosiy silkinishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun huquq va erkinliklari haqida kamroq o‘ylagandi. Endi jamiyatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ydi.
Aslida hokimiyatlarga bo‘linish prinsiplariga mos bo‘lmagan holat mamlakat Parlamentida ham kuzatiladi. Masalan, Oliy Majlis Senati, ya’ni yuqori palatada ham aksariyat ijro hokimiyati vakillari.Takror aytaman, Konstitutsion islohotlar bunday holatlarga barham berish barobarida mamlakatimizda demokratiyaning yangi bosqichini boshlab berishi shubhasiz. Shu ma’noda, keng jamoatchilikdan Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqidagi turli talqinlarga berilmaslikni va undagi ijobiy jihatlarni to‘g‘ri qabul qilishlarini so‘rardim.
- Umuman, ijro masalasida gap ketganda, ko‘p hollarda sustkashlik kuzatilayotgandek. Masalan, joriy yilgi Davlat dasturida tuman va shaharlar-da 4-5 tadan doimiy asosda ishlovchi deputatlar, ya’ni oylik olib faoliyat ko‘rsatadigan xalq vakillari bo‘lishi belgilangan edi. Ammo amalda bu vazifa bajarilmayapti. Bu ijro hokimiyatining vakillik organiga bepisandligimi yoki deputatlarning yetarlicha talab qilolmasligi oqibatimi?
- Bu menimcha, ijro etuvchi ho-kimiyatning ayni vaqtda o‘z qo‘lida bo‘lgan hokimiyat va vakolat bilan bo‘lishishni xohlamasligi va balki “moliyaviy ko‘rpaning torligi”da. Ammo bir narsa aniq “Hech kim hokimiyatni birovga moviy rang likopchada olib kelib bermaydi”. O‘ylaymanki, ayni paytda so‘nggi bosqichga yaqinlashayotgan Konstitutsiyaviy islohot bu masalani uzil-kesil hal etadi. Chunki loyihada bunga katta e’tibor berilgan va tegishli normalar aniq belgilangan.
Yashirib nima qildik, biz deputatlarda ham tashabbus yetishmaydi, o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashimiz kerak. Lekin rejalashtirilayotgan islohotlar demokratik o‘zgarishlar, yangiliklarga yo‘l ochadi, deb umid qilaman. Birgina misol, ilgari Qonunchilik palatasi deputati professional qonun ijodkori bo‘lishiga qaramay, buning uchun yetarli sharoitlar yaratilmagandi. Keyingi davrda Parlament quyi palatasi deputatlariga yordamchilar ajratilgani, ish kabinetlarida zamonaviy qulayliklar yaratilgani qonun chiqaruvchi hokimiyat faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi qadamlar, deb bilaman.
- Suhbatimiz so‘nggida deputat bo‘lishni orzu qilayotgan yoshlarga nima deb maslahat berasiz?
- Balandparvoz gapday tuyulishi mumkin. Ammo bu haqiqat. Men sudyalikdan Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanganimda avvalgi oylik maoshimning 30 foizidan sal ko‘prog‘ini olganman. Aytmoqchi bo‘lganim, Parlament deputatlari ish haqi yaxshi bo‘lmagan paytlarda ham afsuslanmaganman.
Tabiiyki, deputat bo‘lishni orzu qilayotgan yoshlar “shaxsiy hayotdagi qiyinchiliklarga qaramasdan, keng jamoatchilik manfaatlari uchun mehnat qila olamanmi?”, degan savolga “ha”, deb javob bera olishi kerak. Yana
bir narsa, deputatda keng qamrovli, ham diniy, ham dunyoviy ilm va tushunchalarning yetarli bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Shunda davlat va jamiyat rivojida faol bo‘lish mumkin.
Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.