Mirzo Ulug‘bek bobosi Amir Temurning shaharsozlik an’analarini qanday davom ettirdi?

Ulug‘bek nomi tilga olinganda, xayolimizga avvalo uning buyuk rasadxonasi va “Ziji Ko‘ragoniy” asari keladi. Uning hukmdor va olim sifatidagi faoliyati ko‘p o‘rganilgan bo‘lsa-da, shaharsozlik va me’morchilik sohasidagi ulkan hissasi ba’zan soyada qolib ketadi.
Aslida, Ulug‘bek nafaqat ilm-fan, balki me’morchilikning ham homiysi, o‘z davri uchun o‘ta murakkab va noyob muhandislik yechimlariga ega bo‘lgan inshootlarning bunyodkori bo‘lgan. U o‘zining buyuk bobosi Amir Temur tomonidan boshlab berilgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlarini munosib davom ettirdi, Turon shaharlari qiyofasini o‘zgartirgan va bugungi kungacha bizni hayratga solib kelayotgan me’moriy durdonalarni yaratdi. Uning davrida qurilgan binolar nafaqat badiiy jihatdan, balki muhandislik jihatidan ham o‘z davrining cho‘qqisi edi.

Ulug‘bekning me’morchilik sohasidagi faoliyatining eng yorqin namunalari, shubhasiz, u qurdirgan uch buyuk madrasadir. Bular – Buxorodagi (1417), Samarqanddagi (1420) va G‘ijduvondagi (1433) Ulug‘bek madrasalaridir. Tarixchi Feruza Shomukaramovaning qayd etishicha, bu madrasalar shunchaki diniy ta’lim beruvchi dargohlar bo‘lmay, balki o‘z davrining haqiqiy universitetlari, dunyoviy fanlar, xususan, matematika, astronomiya, mantiq va falsafa o‘qitiladigan ilm markazlari edi. Ularning me’moriy yechimi ham aynan shu maqsadlarga moslashtirilgan. Ayniqsa, Samarqanddagi Registon ansamblining markazida qad rostlagan Ulug‘bek madrasasi o‘zining mutanosibligi, muhtasham peshtoqi, ikki minorasi va ichki hovlisining mukammal loyihasi bilan ajralib turadi. 

Taniqli san’atshunos olima Galina Pugachenkovaning tadqiqotlarida Ulug‘bek davri me’morchiligining o‘ziga xos xususiyati sifatida inshootlarning majmuaviyligi, ya’ni bir nechta binoni o‘z ichiga olgan yaxlit ansambllar yaratishga intilish alohida ta’kidlanadi. Registondagi madrasa, xonaqoh va karvonsaroydan iborat dastlabki ansambl buning yaqqol misolidir. Bu esa Ulug‘bekning nafaqat alohida binolar, balki butun bir shahar maydonlarining me’moriy-badiiy yechimini o‘ylagan shaharsoz bo‘lganidan dalolat beradi.

Ulug‘bek davri me’morchiligining yana bir muhim yutug‘i – bu Amir Temur davrida shakllangan an’analarni davom ettirish va rivojlantirishdir. Buni biz Shohi Zinda ansambli misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Ulug‘bek hukmronligi davrida ushbu majmuaga kirish qismida muhtasham darvozaxona qurilib, ansamblning yaxlit va mukammal qiyofasi yakuniga yetkazilgan. Shuningdek, Shahrisabzdagi Ko‘k gumbaz masjidi (1435-1436) ham Ulug‘bek davrining noyob me’moriy yodgorligidir. Bu inshoot o‘zining ulkan, osmono‘par gumbazi va nostandart kompozitsion yechimi bilan ajralib turadi. Bunday murakkab va ulkan gumbazni qurish o‘sha davr me’morlari va muhandislaridan chuqur matematik bilim va aniq hisob-kitoblarni talab qilgan. Bu esa Ulug‘bek davrida me’morchilik va aniq fanlar o‘rtasida uzviy bog‘liqlik bo‘lganini, olim-hukmdorning ilmiy qarashlari hatto qurilish sohasida ham o‘z aksini topganini ko‘rsatadi.

Ulug‘bekning bunyodkorlik faoliyati faqat madrasa va masjidlar qurish bilan cheklanmagan. U, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan inshootlar, masalan, ko‘priklar qurilishiga ham katta e’tibor bergan. Tarixchi olim Abdusattor Jumanazarning tadqiqotlarida Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan “Puli Mirzo” (“Mirzo ko‘prigi”) tarixiga oid yozma ma’lumotlar keltiriladi. Bunday inshootlarning qurilishi savdo yo‘llarini rivojlantirish, shaharlar va qishloqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilgan va hukmdorning mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga qaratilgan siyosatining bir qismi bo‘lgan. Bundan tashqari, Ulug‘bek Samarqand, Buxoro, G‘ijduvon va Shahrisabz kabi shaharlarni obodonlashtirishga ham alohida e’tibor qaratgani haqida tarixiy ma’lumotlar mavjud. U qurdirgan bog‘lar, karvonsaroylar va boshqa jamoat binolari shaharlarning qiyofasini yanada ko‘rkamlashtirgan.

Xulosa qilib aytganda, Mirzo Ulug‘bekning bunyodkorlik merosi uning ilmiy merosidan kam ahamiyatga ega emas. U qurdirgan inshootlar XV asr Markaziy Osiyo me’morchiligi va muhandislik fanining yuksak cho‘qqisidir. Ulug‘bek o‘zining qurilishlarida nafaqat hukmdor va buyurtmachi, balki chuqur bilimga ega bo‘lgan muhandis va loyihachi sifatida ham ishtirok etgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Uning davrida qurilgan madrasalar, masjidlar, xonaqohlar va boshqa inshootlar bugungi kunda ham o‘zining muhtashamligi, mukammal mutanosibligi va nafis bezaklari bilan kishini hayratga soladi. Bu yodgorliklar Ulug‘bekning nafaqat buyuk olim, balki o‘z xalqining madaniyati va farovonligi uchun qayg‘urgan, mamlakatni obod qilishga intilgan dono va bunyodkor hukmdor bo‘lganining yorqin timsolidir.

Alisher Egamberdiyev.