Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mirzo Ulug‘bek haykalini qo‘yish uchun yig‘ilgan mablag‘ nega boshqa maqsadda sarflangan?

Mirzo Ulug‘bek vafotidan keyin ma’lum muddat o‘tgach, uning rasadxonasi ham buzilib, joylashuv o‘rni haqida biror nishona ham qolmaydi.

Yillar o‘tib Mirzo Ulug‘bekning asarlari dunyoga yoyilgach, turli Yevropa mamlakatlari vakillari Ulug‘bek erishgan natijalarning aniqligi va mukammalligidan hayratga tushib, ushbu ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan joy va muhit haqida bilishga qiziqishlar paydo bo‘ladi.

O‘z davrida Samarqandga kelgan angliyalik A.Borne mahalliy aholining gaplariga tayanib, rasadxonani Registon maydonida bunyod etilgan Mirzo Ulug‘bek madrasasi o‘rnida bo‘lganligini aytsa, 1863 yilda Samarqandga darvesh ko‘rinishida sayohatga kelgan vengriyalik A.Vamberi mahalliy aholi vakillari unga hattoki rasadxona joylashuv o‘rnini ko‘rsatishganini, lekin rasadxonadan biror iz bo‘lmaganligi sababli u ham aniq ma’lumot to‘play olmaganligini ta’kidlaydi.

Rasadxona joylashuvi haqidagi aniq ma’lumotlar XIX asr oxiri XX asr boshlarida olib borilgan izlanishlar natijasida qo‘lga kiritiladi. Ushbu bino haqida aniq ma’lumotlarni to‘plash 1895-1917 yillarda Toshkentda faoliyat yuritgan V.Bartold boshchiligida o‘z tarkibiga ko‘plab o‘lkashunos tarixchilarni jamlagan «Turkiston havaskor arxeologlar jamoasi» vakillarini ham qiziqtirgan.

Ushbu jamoa vakillari V.Nalivkin va V.Stratonovlar ham rasadxona haqidagi o‘z taxminlarini ilgari suradi. Rasadxona haqidagi aniq ma’lumotlar ushbu jamoa a’zosi V.Vyatkin va samarqandlik Abu Said Mag‘zum tomonidan aniqlanadi.

Abu Saidning Qo‘qon xonligi arxivida saqlanayotgan hujjatlarni o‘rganish jarayonida XVII asrga tegishli hujjatdagi ma’lumotlar orasida Tal-i rasad haqidagi ma’lumotlarni o‘qib qolib, gap Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi qurilgan tepalik haqida ketayotganligini anglaydi va hujjatni Vyatkinga taqdim etadi. Vyatkin ushbu hujjatdagi ma’lumotlarni o‘zida mavjud Z.Boburning «Boburnoma» asaridagi, Abu Tohirxojaning «Samariya» risolasida keltirilgan ma’lumotlar bilan taqqoslab ushbu hujjatdagi ma’lumotlar aynan rasadxona joylashuv o‘rni haqida ekanligiga amin bo‘ladi va to‘plangan ma’lumotlar asosida 1908 yilda Vyatkin boshchiligida qazish ishlari boshlanadi. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida ishlatilgan, Vyatkin tomonidan bu uskuna kvadrant uskunasi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan uskunaning saqlanib qolingan yer osti qismi qazib ochiladi. Vyatkin tomonidan amalga oshirilgan ishlar olamshumul voqea sifatida baholanib, o‘sha davr matbuotida asosiy e’tibor qaratilgan mavzuga aylanadi.

Ulug‘bek haykalini u yashab, ijod etgan Samarqand shahrida qo‘yish taklifi ilgari suriladi. Mirzo Ulug‘bekka haykal o‘rnatish fikri olimlar tomonidan ham turlicha qabul qilindi. Masalan, N.Veselovskiy ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, V.Bartold ushbu mablag‘ni Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini kelajak avlod uchun saqlab qolish choralarini ko‘rishga sarflash taklifini kiritadi.

Bu fikr ko‘pchilikka ma’qul tushib, yig‘ilgan mablag‘ ta’mirlash ishlari uchun sarflanadi. 1914 yili Ulug‘bekka haykal o‘rnatish maqsadida rus astronomik jamiyati tomonidan yig‘ilgan mablag‘ga rasadxona tepaligining usti (50 metrli diametrga ega bo‘lgan maydon) tekislanadi. 1915 yili injener Lebedevning loyihasiga ko‘ra, sekstantning qazib ochilgan qoldiq qismining tepasiga yoyli gumbaz quriladi.

Hozirgi kunda ham rasadxonaning ushbu qismi Samarqandda mavjud bo‘lib, binoning ro‘parasida ochilgan muzey binosida rasadxonaning tarixi va ish jarayonlari haqida ma’lumotlar berilgan.

A.Umarov,

Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi katta ilmiy xodimi.