Ulug‘bekning tug‘ilishi ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolganmidi?
22 mart – Mirzo Ulug‘bek tavallud topgan kun
Mirzo Ulug‘bek buyuk o‘zbek astronomi va matematigi, davlat arbobi sifatida tarixda nom qoldirdi. Uning eng buyuk ishi – Samarqand ilmiy maktabini, o‘sha davr akademiyasini barpo etgani edi. Quyida Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyatiga oid ayrim qiziqarli faktlar keltirildi.
Amir Temur 1394 yilda Iroqdagi Mordin qal’asini qamal qiladi. Shu vaqtda Sohibqironning Sultoniyadagi qarorgohida Ulug‘bek tug‘iladi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida yozilishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib, Ulug‘bekning tug‘ilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor bo‘lishini bashorat qilganlari xabarini yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qal’asi qamalini to‘xtatib, uning xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qiladi.
O‘n besh yoshli Ulug‘bek bobosi Temurning Samarqanddagi taxtiga o‘tirgan
Xuroson hokimi, Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohruh 1409 yilda temuriylar davlatining oliy hukmdori sifatida e’tirof etilgach, ko‘lga kiritilgan Movarounnahrni Turkiston viloyati bilan birga idora etishni Ulug‘bekka topshirib, Sohibqiron vasiyatini qayta tikladi. O‘smir yoshdagi Ulug‘bek bu hududlarni dastlab Shohmalik yordamida boshqargan bo‘lsa, 19 yoshidan Movarounnahrni mustaqil idora etishga kirishdi. Ulug‘bek o‘z hukmronligi davomida ikki marta yirik harbiy yurish qildi.
Bobosi Sohibqiron sag‘anasiga nefrit qabrtosh qo‘ydirgan
Samarqanddagi Amir Temur maqbarasiga temuriylar sulolasiga mansub kishilar dafn etilgan. Ziyoratxona yuqorisi (to‘ri)da Temurning piri Mir Sayyid Baraka, uning oyoq tomonida Amir Temur dafn qilingan. Sohibqiron sag‘anasiga qo‘yilgan ko‘k nefrit qabrtoshini Ulug‘bek Mo‘g‘ulistonga qilgan yurishi vaqtida olib kelgan. Toshda Amir Temurni ulug‘laydigan so‘zlar, uning shajarasi hamda marsiyalar o‘ymakori yozuvlarda bitilgan. Keyinchalik Ulug‘bekning o‘zi ham shu yerga dafn etilgan.
Bibixonim jome masjidiga ulkan lavh o‘rnattirgan
Amir Temur Bibixonimga atab qurdirgan Bibixonim jome masjidi hovlisi o‘rtasida marmartoshdan yasalgan ulkan lavh – Qur’on o‘qiladigan maxsus kursi bo‘lib, u dastlab asosiy bino ichida turgan (1875 yilda hovli o‘rtasiga chiqarib qo‘yilgan). Lavh Ulug‘bek farmoniga binoan XV asr o‘rtalarida yasalgan. Unga «Sultoni azim, oliy himmatli hoqon, din-diyonat homiysi, Xanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton, ibni sulton, amiri mo‘’minin Ulug‘bek Ko‘ragon», deb bitilgan.
Sulton bo‘lsa-da, talabalarga dars bergan
Mirzo Ulug‘bek Samarqandda ikkita madrasa barpo etgan va boshqa yirik olimlar qatorida o‘zi ham bu madrasalarda haftada bir marotaba ma’ruza o‘qigan. Boshqa vaqtini ko‘proq astronomik kuzatishlarga, «Zij» ustida ishlashga va davlat ishlariga bag‘ishlagan. Yaqin yillargacha u faqat astronom va matematik deb hisoblanardi. Lekin XX asr oxirida uning ijodi serqirra bo‘lib, tarix, she’riyat va musiqa bobida ham qalam tebratgani aniqlandi. Ulug‘bek she’rlar ham yozgan.
Ulug‘bekning xazinasini uning shogirdi saqlab qolgan
Ulug‘bek vafotidan so‘ng uning Samarqanddagi 15 ming kitobdan iborat mashhur kutubxonasi xavf ostida qoladi. Kutubxonani «o‘z davrining Ptolomeyi» nomini olgan Ali Qushchi saqlab qolgan, degan taxminlar bor. Rivoyatlarga qaraganda, kutubxonadagi kitoblarning ko‘p qismini Ali Qushchi Samarqand yaqinidagi Hazrat Bashir qishlog‘iga ko‘chirgan. Ko‘p o‘tmay, ta’qiblardan qochib, Samarqanddan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.