Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnini kim aniqlagan?

Bu savolga barcha birdek “Vasiliy Lavrentevich Vyatkin”, deb javob beradi. To‘g‘ri, ushbu olim akademik V.Bartold yordamida arxeologik qazishmalar uchun ajratilgan mablag‘ bilan 1908-1911 yillarda rasadxona o‘rnida dastlabki qidiruv ishlarini olib borgan va inshoot qoldiqlarini aniqlagan. Biroq ungacha bo‘lgan voqealar tafsilotlarini bilamizmi? Aslida, rasadxona o‘rni qanday aniqlangan?

Rasadxona o‘rnining topilishida “Samariya” kitobining muallifi - Abu Tohir Xo‘janing avlodidan bo‘lgan, Shayboniyxon madrasasi mudarrisi Abduqayyum Maxsum o‘g‘li Abu Sayyid Maxsumning roli katta.

O‘z davrida iqtidorli hattot va rassom bo‘lgan Abu Sayyid Maxsum ko‘kyo‘tal kasaliga chalinib, yaqinlarining maslahati va yordamida Oloyga davolanishga keladi. Bu yerda u Oloy malikasi Qurbonjon dodxoh (1811-1907 y.y.) bilan uchrashadi.

Uchrashuvda Qurbonjon dodxoh undagi iqtidorni tezda ilg‘ab oladi. O‘zida Qo‘qon xonligining kutubxonasi va qo‘lyozmalari borligini, unda xonning hujjatlari va dastxatlari bilan birga marhum turmush o‘rtog‘i Andijon hokimi Olimbekning Qo‘qon xonligi va chet eldagi qo‘shni xonliklar bilan muloqoti aks etgan besh sandiqdan iborat hujjatlar borligini ma’lum qilib, Abu Sayyidga ularni ko‘rib, tartibga solishni va ro‘yxatga olishni iltimos qiladi (ba’zi tadiqotchilarning fikricha, Qo‘qon xonligiga tegishli bo‘lgan ushbu qo‘lyozma hujjatlar 1873-1875 yillarda Po‘latxon qo‘zg‘oloni vaqtida u bilan birga janglar olib borgan Qurbonjon dodxoh qo‘liga tushib qolgan).

Abu Sayyid davolanish bilan birga, malikaning iltimosiga ko‘ra, arxiv hujjatlarini tartibga solish bilan shug‘ullanadi. Bir necha oydan so‘ng Abu Sayyid Maxsum ancha sog‘ayib, Oloydan Samarqandga qaytadi. U o‘zi bilan Qurbonjon dodxohning hali o‘rganib ulgurmagan hujjatlari saqlanadigan oxirgi bir sandig‘ini ham olib keladi. Mazkur sandiqdagi hujjatlarni o‘rganayotganida bir hujjat uning e’tiborini tortadi. XVI asrga oid ushbu hujjat bir beva ayolning mahalla masjidi foydasiga o‘z tomorqasidan voz kechishi haqida bo‘lib, unda ko‘rsatilishicha, tomorqa bir tomondan Obi Rahmat arig‘i bilan, ikkinchi tomondan bedazor bilan, uchinchi tomondan mahallaning jome masjidi bilan va to‘rtinchi tomondan Tole’ Rasad tepaligi bilan chegaralangan edi.

“Tole’ Rasad” deganda gap Ulug‘bek rasadxonasi haqida borayotganligiga shubhasi bo‘lmagan Abu Sayyid Maxsum bu haqda anchadan beri rasadxona o‘rnini aniqlashga harakat qilib yurgan do‘sti Vyatkinga aytib beradi. Hujjat bilan tanishgan Vyatkin yuqorida ta’kidlaganimizdek, rasadxona o‘rnida qazish ishlarini boshlaydi va dastlabki kunlardanoq mashhur inshootning asos qismini topishga muvaffaq bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, rasadxonaning o‘rni V.Vyatkin tomonidan emas, vatandoshimiz Abu Sayyid Maxsum tomonidan aniqlangan. Buni hatto o‘z davrida Rossiya imperiyasidagi nufuzli ilmiy jamiyatlar ham tan olgan. Abu Sayyidning ilm-fan yo‘lidagi xizmati, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnini aniqlaganligi uchun O‘rta va Sharqiy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik va etnografik jihatdan o‘rganish Rus komiteti tomonidan 100 rubl miqdorida mukofotlangan edi.

Shuningdek, Samarqand shahri, uning atrofi va qadimiy yodgorliklari tarixiy topografiyasini o‘zida mujassam etgan, tarixchi va arxeologlar uchun muhim manba hisoblangan Abu Toxir ibn Qozi Abu Sayyid Samarqandiyning “Samariya” qo‘lyozma asarining chop etilishi ham Abu Sayyid nomi bilan bog‘liqdir.

Asarning ushbu qo‘lyozma nusxasi 1895 yil dekabr - 1896 yil yanvar oylarida Abu Sayyid tomonidan rus qog‘oziga nastaliq xatida ko‘chirilgan va ushbu nusxa asosida V.Vyatkin asarni rus tiliga tarjima qilib, 1899 yilda nashr ettirganligi allaqachon rus tarixchilari tomonidan e’tirof etilgan. 1896 yilda tarixchi olim N.Veselovskiy ham Abu Sayyiddan “Samariya” asarining fors tilidagi kulyozma nusxasini oladi va 1904 yilda uni nashr ettiradi.

Abu Sayyid Maxsum Samarqandning tarixiy topografiyasi qadimgi tarixi bilan yaxshi tanish bo‘lgan. U betobligi sababli va moddiy jihatdan qiynalgan bo‘lishiga qaramasdan, V.Vyatkin tomonidan dastlab Afrosiyob tepaliklarida, keyin Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnida va Samarqand atroflarida olib borilgan qazish ishlarida hamrohlik qildi. V.Vyatkin sharq qo‘lyozmalari va vaqf hujjatlaridagi tushunarsiz va bahsli joylar xususida undan maslahat olib turgan. Masalan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan V.Vyatkin qalamiga mansub “Samarqand me’moriy yodgorliklari” risolasida ham muallif o‘z xulosalarida Abu Sayyid Maxsumga tayanganligining guvohi bo‘lamiz.

Ko‘kyo‘tal kasalligi olimni umrining so‘nggi kunlarigacha tark etmadi. Zamondoshlarining xotiralarida eslatilishicha, Abu Sayyid Maxsum og‘ir xastaligiga qaramay V.Vyatkin tomonidan olib borilayotgan qazishma ishlarini kuzatish uchun Afrosiyobga tez-tez kelib turgan va 1910 yilda vafot etgan.

XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashagan Abu Sayyid Maxsum kabi Samarqandda muzey ishining shakllanishida o‘zlarining bebaho hissalarini qo‘shgan Mirzo Abdulla Buxoriy, Mirzo Barot, Mulla Qosim, Mirzo Xojimurod kabi vatandoshlarimiz talaygina. Ularning faoliyatini o‘rganish, tahlil etish bugungi tarixchilarmiz oldida turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.