Kitobingizni o‘qidim: Oqibatning mehrli kuychisi
Qaysidir yili nashriyotlardan biri “Oltin qalam” tanlovi g‘olibi Maqsud Jonixonovning publitsistik maqolalari to‘plangan kitobiga muharrirlik qilishimni so‘radi.
Yashirmayman, dastlab uning rasmiy nashrda ishlaganini nazarda tutib biroz kalovlandim...Kitob qo‘lyozmasidagi birinchi maqolani o‘qigandanoq muharrirga muhtojlik joyi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi: ortiqcha gap ishlatilmagan, so‘zlar to‘g‘ri qo‘llanilgangina emas, balki gavhar shodasidek saralangan! Muharrirlikdan voz kechildi. Mutaxassis sifatida o‘qishga kirishdim o‘zimcha. Maqoladan maqolaga o‘tarkanman muallifning hayotiy voqea, detallardan mahorat bilan foydalanishiga guvoh bo‘ldim. Mutaxassis sovuqqon bo‘lib o‘qish kerak. O‘xshamadi! Muallifning muxlisiga aylandim. Ko‘zda yosh bilan o‘qishda davom etdim. “Maqolani ham yig‘lab o‘qirkanmi, badiiy asar emasku bu”, dedi bir internetchi talabam. “Kitob mutolaasiga sabri yetarmikan?”, degan savol xayoldan kechgan bo‘lsa-da, “Bir o‘qib ko‘rgin, bolam”, deb qo‘ya qoldim...
Maqsud Jonixonovningyangi kitobidan (“Devor ortidagi haqiqatlar”, “Akademnashr”, 2024 y.) darak topib, uni endi avvalgi tajribaxulosasi o‘laroq muxlis maqomida xatm qildim.
Kitobga siyosiy fanlar olimi, taniqliijodkor Lazizjon Rahmatov kirish so‘zi bitibdi. U mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, san’at, adabiyot, odamlarimiz tafakkuridagi o‘zgarishlar, mafkuraviy kurashdagi oqsoqliklar, yoshlar ma’naviy dunyosidagi bo‘shliqlarning ijtimoiy kuyunchaklik bilan ochib berilganini ishonchli dalillar bilan asoslabdi.
Biz esa mavzuga boshqacha rakursda qarashga harakat qilamiz. Avvalo, muallifning hayotga, uning quvonchu g‘amlariga munosabatidagi samimiyyondoshuviga munosabat bildirsak.
Kitobda “Entikib eslanadigan Eshmatov” deb sarlavhalangan maqola shunday boshlanadi: “Inson har doim havas bilan yashashi kerak. Kimningdir fe’l-atvori, kimningdir ish tutumi, yana birovning uddaburonligiga havas qilgan odam hayotda hech qachon kam bo‘lmagan. Ammo har kimga mehr qo‘yib bo‘lmasligini, har kim bilan do‘stlashish mumkin emasligini hayotning o‘zi asta-sekin ko‘rsatib qo‘yarkan. Ana shunday paytda sofdil insonlarning qadriga yetish kerak ekan, deb o‘ylaysan. Negaki, sofdil odamdan shayton ham qo‘rqar ekan. Qurbon Eshmatov — ana shunday qalbi beg‘ubor inson”.
Maqolaning kirishini yozishga qiynaladigantalaba-jurnalistlar uchun master-klass! O‘xshatishni qarang! Betakror inson, mohir jurnalist Qurbon Eshmatov haqida ko‘p yozilgan, lekin hech bir ijodkor uning tavsifi uchun butariqa jumla tanlamagan: uning beg‘uborligidan shayton ham qo‘rqadi! Albatta, qahramon shunday alqashga munosib inson edi. Lekin yozarmanda samimiyat bo‘lmasa, qahramondagi xislatlarni, eng ta’sirli misollarni ko‘ra olmaydi, his qila bilmaydi, tasvirlashga so‘z topolmaydi. Aslidayam shunday. Mehr susayib, oqibat uzoqlashayotgan zamonda ko‘ngilda poklikni saqlab qolmasangiz bunday voqealar mohiyatini anglolmaysiz, ularni tasvirlash uchun so‘zlarni saralay olmaysiz. Robotga aylanasiz...
Qisqasi, hayotdagi voqealarning, detallarning sarasini tanlay bilish nafaqat mahoratni, balki qalb pokligini talab qiladi. Muallifdagi ana shu xislat aksar maqolalarida aks etadi. Mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev haqida publitsistik asar(“San’atimiz jadidini unutmaymiz, unutolmaymiz”) qisqa bo‘limchalarga bo‘lingan, lekin har birining mavzusi alohida-alohidamaqolaga munosib. Birini o‘qib ko‘ramiz:
“Bu mubtalolik menga nima berdi? Hofiz qo‘shiq qilib aytgan satrlarni yoddan bilardim. Ba’zi joylariga tushunmasam, asl nusxasini topishga intilardim. Shu tariqa hazrat Navoiyni, mirzo Boburni o‘qiydigan bo‘ldim. Shoh Mashrab, hikmatli Yassaviyga muhib bo‘ldim. Fuzuliyni o‘rgandim, Mulla Panoh Voqifni tanidim, Hamid Olimjonni, G‘afur G‘ulomni o‘qidim, Abdulla Orif, Erkin Vohidovlarning muxlisiga aylandim.
Keyin bildim, menga o‘xshagan juda ko‘p ekan. Kitob o‘qimasa ham, olamning ma’nosini, odamning sharhini tushuntirib beradiganlarningsanog‘i yo‘q ekan. Bunga sabab ularning aksariyatihofiz qo‘shiqlaridan dunyoni anglab yetganlar, chin oshiqlar ekanligini ham bildim keyin.
Hofizning qo‘shiqlari shunaqa: olimgaaylantiradi odamni”.
San’atkorlarning qo‘shig‘ini eshitamiz, rohatlanamiz, biroq ular bizga nimalar berganini anglamaymiz, ba’zida tan olmaymiz. Qo‘shiq matni kimniki ekanligini surishtirmaymiz... Qolaversa, publitsist fikrlaridan kelib chiqib “bugungi “rapatam”lar o‘z muxlislariga nimalarni o‘rgatyapti ekan”, mazmunidagi savollarni ham o‘z-o‘zimizga beramiz...
Kitobdagi “Shaytanat”ni yozgan odam” (yozuvchi Tohir Malik xonadonida), “Abdullajondan o‘qing...” (shoir va alloma Erkin Vohidov xonadonida) maqolalari, ustozlari va safdoshlari haqida bitiklari o‘quvchini befarq qoldirmasligi aniq.
“O‘zbek va ozar bir tanu bir jondir” sarlavhali yo‘l ocherki publitsistning Ozarbayjon yurtiga sayohatiga bag‘ishlangan. Biz bu maqolani jurnalistika universiteti talabalari bilan muhokama qildik. Ocherk haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin yakundan olingan bir iqtibos bilan kifoyalanamiz: “Tabiiyki, har bir mehmon Ozarbayjonni o‘zicha kashf etadi. Har galgi tashrif chog‘ida bu maftunkor diyor o‘zining yangi-yangi qirralarini namoyon etaveradi. Zotan, mazkur zaminhali insoniyat to‘la anglab yetmagan sir-sinoatlarmaskanidir. Biroq do‘stona munosabatlarni, mehrni, oqibatni aniqlash uchun tadqiqotlar, so‘rovnomalar o‘tkazishga zarurat yo‘q. Tasavvurqiling: uch-to‘rt kun boshqa mamlakatda bo‘ldingiz-u qaytar chog‘ingizda sizga hamrohlik qilgan odam bag‘rini ochib, ko‘ziga yosh olsa, qanday ahvolga tushasiz? Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportga yetib kelganimizda, qisqa safardavomida bizni o‘ziga tamoman bog‘lab qo‘ygan hamrohimiz — oddiy haydovchi Ilkin Salahov quchoq ochib, qulog‘imizga shivirlaydi: “Siznihozirdan sog‘ina boshladim!”.
Ko‘zda yosh bilan o‘qiladigan yana bir maqolada (“Kamtarlikdan kamol topgan edi”) marhum san’atkor Fatxulla Ma’sudov bilan muallifning ikki kunlik sarguzashti hikoya qilingan. Unda nafaqat taniqli aktyorning kimligini anglab olasiz, balki uning so‘zlari, amallarini ko‘ra bilgan jurnalist qalbi bilan ham tanishasiz.
Kichik bir taqrizda kitobdagi hamma yaxshi jihatlarni aytish mushkul vazifa. Undagi har bir maqolani kitobxon uqib o‘qisa, ma’naviy ozuqa olishi, shubhasiz.
Shunday bo‘lsa-da, Maqsudjonning ushbu va boshqa kitoblari mutolaasidan chiqargan xulosamiz: u mehr-oqibat kuychisi, ha, aynan kuychisi! U myehr-oqibatni muntazam kuyga solayotgan, aytib yig‘latayotgan, yig‘latib targ‘ib qilayotgan samimiy ijodkordir. Yozmishimizni ham muallifning so‘zlari bilan yakunlashni istadik: “Hayot bir sinov ekan, yaxshilikni shior qilib, amalga oshirishga shoshilganlar bu sinovda g‘olib ekan, muzaffar ekan. Dillarga mehr urug‘ini sepib, oqibat daraxtini o‘stirib, ezgulik mevasidan boshqalarni bahramand etish barchamizga nasib etsin”.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.