O‘zbekiston 74-o‘rinda: xalqaro pasport reytingi yangilandi
Henley&Partners tomonidan 2026 yil aprel holati bo‘yicha e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston pasporti xalqaro reytingda o‘z pozitsiyasini bir pog‘ona yaxshilab, 74-o‘ringa ko‘tarildi.
Yil boshida mamlakat 75-pog‘onada edi. Yangilangan natijada O‘zbekiston bir pog‘ona yuqorilab, Qirg‘iziston va Mozambik bilan bir qatordan joy oldi. Hozirgi kunda O‘zbekiston fuqarolari dunyoning 59 ta davlatiga vizasiz yoki borish vaqtida soddalashtirilgan tartibda (aeroportda) viza olib kirish imkoniyatiga ega.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik Qozog‘istonga tegishli bo‘lib, u 61-o‘rinni egallagan va uning fuqarolari 78 ta davlatga vizasiz kira oladi. Shuningdek, Tojikiston 81-o‘rinda (54 ta davlat), Turkmaniston esa 87-o‘rinda (47 ta davlat) qayd etilgan.
Reytingning yuqori qismida Singapur joylashgan bo‘lib, uning fuqarolari 192 ta yo‘nalishga vizasiz sayohat qila oladi. Keyingi o‘rinlarda Yaponiya, Janubiy Koreya va BAA turibdi — ular fuqarolari 187 ta mamlakatga erkin kirish imkoniyatiga ega.