Zukko olim, mohir pedagog va tajribali uslubchi

 - Vatanimizning ertangi kuni o‘qish-o‘rganishdan, bilmaganini so‘rashdan tortinmaydigan ilmli va ma’rifatli, malakali, zukko va zamonaviy ilmni egallagan yosh mutaxassislarga bog‘liq, - deydi o‘zining 60-bahorini qarshilayotgan Samarqand veterinariya meditsinasi institutining o‘quv uslubiy boshqarmasi boshlig‘i, dotsent Rahmatullo Ro‘ziqulov.

Mamlakatimiz veterinariya va chorvachiligini rivojlantirish, bu sohalarga malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlashda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan mohir pedagog, jonkuyar olim R.Ro‘ziqulov 1984 yildan buyon yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

Rahmatullo Ro‘ziqulov 1961 yil 15 mayda Payariq tumanining Kattaturk qishlog‘ida tug‘ilgan. Ilk ta’limni tumandagi 8-o‘rta maktabda olib, Samarqand qishloq xo‘jalik institutining veterinariya fakultetiga o‘qishga kirgan. Diplomni olgach, Davlat attestatsiyasi komissiyasi tavsiyasiga ko‘ra, Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutiga ishga yuboriladi.

Rahmatullo Fayzullayevichning asosiy ish faoliyati Samarqand qishloq xo‘jalik (hozirgi SamVMI) instituti bilan bevosita bog‘liq. U 1984 yil harbiy xizmatdan qaytib, institutning “Hayvonlar  fiziologiyasi, biokimyosi va patologik fiziologiya” kafedrasida  vrach-ordinator, assistent, katta o‘qituvchi bo‘lib ishladi.

Tajribali pedagog qator yillardan buyon veterinariya va zooinjeneriya fakulteti talabari uchun «Hayvonlar fiziologiyasi» va «Hayvonlar patofiziologiyasi» fanlaridan ma’ruza va amaliy-laboratoriya darslarini yuqori darajada, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalardan foydalangan holda o‘tib, o‘quv jarayonini muntazam ravishda takomillashtirib borish bilan birga ularda chuqur malaka va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirib kelmoqda.

Rahmatullo Fayzullayevich uzoq yillar davomida veterinariya fakulteti dekani muovini bo‘lgan bo‘lsa, 2012 yildan buyon institutning o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

U o‘zining pedagogik faoliyati bilan birga mustaqil ilmiy-tadqiqot faoliyatini ham muntazam davom ettirib, 2010 yilda “Qishloq xo‘jalik hayvonlarining antiinfeksion rezistentligini yosh, zot va konstitutsiyaga oid xususiyatlarini o‘rganish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, veterinariya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga, 2014 yilda dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. Hozir “Immunologik rezonans fenomenining hayvonlar va parrandalarda shartli patogen bakteriyalar qo‘zg‘atadigan infeksiyalar immunoprofilaktikasidagi samaradorligi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib bormoqda. 130 dan ortiq ilmiy maqolalari Rossiya, Chexiya, Belarus, Koreya, Indoneziya kabi mamlakatlar va respublikamizning nufuzli jurnallari hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar to‘plamlarida chop qilingan.

R.Ro‘ziqulov veterinariya va chorvachilik sohalarining muhim va dolzarb masalalarini mustaqil tadqiq qilishga layoqatli olim hamda tajribali uslubchi sifatida tanilgan. U 100 dan ortiq o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlari muallifi bo‘lib, bugun bu uslubiy qo‘llanmalardan talabalar o‘quv jarayonida keng foydalanmoqda.

Rahmatulla domla o‘zining “Hayvonlar fiziologiyasi fanidan amaliy-laboratoriya mashg‘ulotlari” o‘quv qo‘llanmasi bilan “Iste’dod” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi - 2013” respublika tanlovida ishtirok etib, uchinchi o‘rinni egallagan. 2016 yilda esa “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” umumrespublika tanlovida “Mutaxassisligi bo‘yicha eng yaxshi pedagog” sifatida  g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2018 yilda o‘tkazilgan “Oltin tulpor” tanlovida qatnashib, “Veterinariya sohasining rivojiga qo‘shgan ilmiy hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.

Rahmatullo Fayzullayevich 4 ta xalqaro loyiha (“TEMPUS” dasturi bo‘yicha “Uzhelth”, “ERASMUS+” dasturi bo‘yicha “Akademika”, “Iqat”  va “Buz-net”)ning faol ishtirokchisi va xalqaro sertifikatlar muallifidir. U 2013 yildan buyon Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashning “Veterinariya meditsinasi va chorvachilik” o‘quv uslubiy birlashmasi kotibi va eksperti vazifalarini bajarib kelmoqda.

Talabalarning sevimli domlasi mohir pedagog, olim, uslubchi, rahbar bo‘lish bilan birga mehribon oila boshlig‘i, 3 farzandning otasi va nabiralarning bobosi hamdir.

Biz Rahmatullo Ro‘ziqulovni muborak 60 yoshi bilan samimiy muborakbod etgan holda farzandlarining kamoli va iqbolini ko‘rib, sho‘x va shirin nevaralari qurshovida sog‘-salomat yurishiga, ilm-ma’rifat yo‘lidagi ezgu ishlariga muvaffaqiyat tilaymiz.

Asadullo Daminov,

Abdug‘ani Elmurodov,

 SamVMI prorektorlari.