Samarqanddagi 286 ta masjidda taroveh namozlari ado etiladi

Muborak Ramazon oyi har bir mo‘min uchun o‘zini tafakkur va tahlil qiladigan, qalbini poklab, hayotiga yangicha mazmun bag‘ishlaydigan beqiyos imkoniyat. Bu oy nafs tarbiyasi, sabr-qanoat va ma’naviy kamolot oyidir. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Ey mo‘minlar! Sizlarga ro‘za farz qilindi, sizlardan oldingilarga farz qilinganidek, shoyadki, taqvoga erishsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat). Ushbu oyat ro‘zaning asl maqsadi — taqvoga erishish ekanini anglatadi. Ro‘za insonni nafaqat ochlik va chanqoqlik bilan, balki sabr, iroda va ixlos bilan tarbiyalaydi, qalbni poklab, ma’naviy yuksalishga yetaklaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) marhamat qilganlar: «Kim Ramazon ro‘zasini iymon va savob umidida tutsa, uning avvalgi gunohlari mag‘firat qilinadi». Demak, Ramazon – mag‘firat, yangilanish va Allohga yaqinlashish oyi.

Bu oyda har bir mo‘min ro‘zani ixlos bilan tutib, nafaqat yeb-ichishdan, balki yomon so‘z va gunohlardan ham tiyilishi, besh vaqt namozni vaqtida ado etishi, imkoniyat bo‘lsa, jamoat va taroveh namozlarida ishtirok etishi, Qur’on tilovatini ko‘paytirib, uning ma’nosini anglashga intilishi, sadaqa va ehson qilib muhtojlar holidan xabar olishi, tavba va istig‘forni ko‘paytirishi lozim. Zero, Ramazon har bir xonadon uchun imon va baraka maktabi bo‘lib, uylarimizda namoz, Qur’on va zikr muhiti mustahkamlanishi lozim.

Oila rahbari sifatida erkaklar ibodatda namuna bo‘lib, isrofdan saqlanishlari va ehtiyojmandlarga ko‘mak berishda peshqadam bo‘lishlari kerak. Ayollar esa xonadon fayzi sifatida ibodatga vaqt ajratib, farzandlariga ro‘zaning ahamiyatini singdirishlari muhim.

Ramazon isrof va dabdaba oyi emas. Iftor dasturxonlarida ortiqcha ko‘rkamlikka berilmasdan, ixchamlik va kamtarlikka amal qilish lozim. Oddiy taom bilan ham iftor qilish mumkin, chunki baraka ko‘plikda emas, qanoatdadir. Isrof barakani ketkazadi. Shu bois bu muborak oyda nafaqat ochlikka, balki gunohlarga ham ro‘za tutib, qalblarimizni poklashga intilaylik!

An’anaga muvofiq, bu yil ham viloyatimizdagi 286 ta masjidda taroveh namozlari ado etiladi. Jumladan, 204 ta masjidda Qur’on xatm qilinishi rejalashtirilgani mo‘minlar uchun katta ma’naviy imkoniyatdir.

Xatmi Qur’on tarovehlari 27 kun etadi. Bu ibodatda 370 nafar qorilar ishtirok etib, Qur’onning nozik tilovati bilan masjidlarimizga nur, fayz va ma’naviy muhit bag‘ishlaydilar.

Muborak Ramazon oyi barchamiz uchun rahmat va mag‘firat oyi bo‘lsin. Alloh taolo tutgan ro‘zalarimizni, qilgan ibodatlarimizni dargohida qabul qilib, yurtimizga tinchlik, xonadonlarimizga fayzu baraka ato etsin. Ramazon muborak bo‘lsin!

Ahmadxon ALIMOV,

viloyat bosh imom-xatibi.