“Temur tuzuklari” ilk marta belarus tiliga tarjima qilindi

Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti va Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Innovatsion pedagogika qo‘shma ta’lim oliy maktabi tashabbusi bilan “Temur tuzuklari” belarus tiliga tarjima qilinib, “Ulajenne Syamura” nomi ostida nashr etildi.

Muhim jihati shundaki, janr jihatidan hujjatli, tarixiy, badiiy, avtobiografik asar deb baholanadigan mazkur asar ilk marta belarus tiliga tarjima qilindi. “Amir Temur oyligi” doirasida nashr etilgan ushbu asar belarusiyalik kitobxonlar uchun Amir Temur davridagi o‘zbek davlatchiligi tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

— Hamkorlik doirasida Belarusga safarlarimiz davomida har gal yangi taassurotlar bilan qaytamiz, — deydi Innovatsion pedagogika qo‘shma ta’lim oliy maktabi dekani, professor Omilxon Ismoilov. — Qo‘shma ta’lim dasturlari doirasidagi o‘quv amaliyotlari davomida xorijlik talabalarning buyuk ajdodlarimiz va ularning jahon tarixidagi o‘rniga qiziqishi juda yuqori ekanini ko‘p kuzatamiz. Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universitetidagi dars mashg‘ulotlaridan biri Sohibqiron va Temuriylar davlati tarixiga bag‘ishlangani, shuningdek, talabalarning “Temur tuzuklari”ga bo‘lgan qiziqishi bizda katta taassurot qoldirdi.

Shu jarayonda ushbu bebaho merosni belarus tiliga tarjima qilish g‘oyasi paydo bo‘ldi va ikki yillik izlanishlar natijasida “Temur tuzuklari” belarus tiliga tarjima qilinib nashr etildi. O‘ylaymizki, ushbu nashr ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi, tarixiy merosimizni kengroq targ‘ib etishga xizmat qiladi. Belarus kitobxonlariga, ayniqsa, yoshlariga Amir Temurning davlat boshqaruvi va harbiy san’at borasidagi o‘gitlari bilan o‘z ona tillarida tanishish imkonini beradi.

Ta’kidlash kerakki, “Temur tuzuklari” asarini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish hamda 2030 yilgacha mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” doirasida noyob qo‘lyozmalar raqamlashtirilishi belgilangan.